Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari tomonidan joriy yil 6-14 iyul kunlari Qashqadaryo viloyatida davlat xaridlarini amalga oshirish holati o‘rganilgan. Ularda bir qator sohalarda o‘nlab korrupsion holatlar aniqlangan. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, o‘rganishlar davomida «dxarid.uz» maxsus axborot portaliga joylashtirilgan davlat xaridlariga oid amaldagi e'lonlar bo‘yicha 32 ta holatda 10,4 milliard so‘mlik ish va xizmatlar hali shartnomalar tuzilmasdan, e'lon muddati tugamasdan turib, pudratchilar tomonidan boshlab yuborilgan, hatto ishlar 100 foiz bajarilgan holatlar aniqlangan.
Jumladan:
– Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasida 12 ta holatda 5 milliard 958,1 million so‘mlik;
– Kitob tumani tibbiyot birlashmasida 5 ta holatda 1 milliard 152 million so‘mlik;
– Nishon tumani xalq ta'limi bo‘limida 4 ta holatda 574 million so‘mlik;
– Shahrisabz tumani Axborot kutubxona markazida 1 ta holatda 553,7 million so‘mlik;
– Mirishkor tumani Obodonlashtirish boshqarmasida 2 ta holatda 527,6 million so‘mlik ishlar shartnomalar tuzilmasdan boshlab yuborilgan va ayrimlarida ishlar to‘liq bajarilgan.
Bundan tashqari, Qarshi tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i S.U. «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasini qo‘pol ravishda buzgan holda o‘zining singlisi S.Sh. ta'sischiligidagi «T.G.K.» fermer xo‘jaligi bilan 149,1 million so‘mlik gul ko‘chatlarini o‘tkazish bo‘yicha shartnoma tuzgan. 27,1 million so‘m asossiz xarajatlar hisobotga kiritilib, ortiqcha mablag‘ olinishiga yo‘l qo‘ygan.
Shahrisabz tuman Obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligidagi «Obod qishloq» dasturi asosida 2 ta mahallada piyodalar yo‘lagi qurish va tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatishda «U.M.» MChJ tomonidan 67 million so‘mlik bajarilmagan ishlar qo‘shib yozilgan va smeta hujjatlariga materiallar narxlari asossiz oshirib ko‘rsatilgan.
Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan Narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat mintaqaviy filialida 2 dona tibbiy apparatdan 250 million so‘mlik kamomad mavjudligi ma'lum bo‘lgan.















