So‘nggi vaqtlarda bolalar orasida koronavirusga chalinish holatlari ko‘paygani sezildi. Virusning delta shtammi bolalar orasida keng tarqalishi oqibatida Zangiota maxsus shifoxonasiga qo‘shimcha ravishda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy amaliy tibbiyot markazida ham koronavirus bilan zararlangan bolalarni davolash uchun 250 ta o‘rin tashkil qilindi.
Pediatriya markazi davolash ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari, bosh shifokor Abdumannon Abduqayumov markazdagi bemor bolalarning holati haqida ma'lumot berdi.
Shifokor koronavirusga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash, ularga qo‘llanadigan dori-darmonlar to‘g‘risida ham maslahatlari bilan o‘rtoqlashdi.
8 kunlik chaqaloqda ham COVID-19 aniqlangan
«Isitmasi chiqqan bemorimiz 8 kunlik chaqaloq, ertalab onasi bolaning isitmalayotganini bilgan va tez yordamga qo‘ng‘iroq qilgan. Shifokor ko‘rigidan keyin, ekpress test topshirishgan, natija kovid borligini ko‘rsatgan. Bolada 3 kun ichida pnevmoniya alomatlari aniqlanmasa, uy sharoitida bemalol davolasa bo‘ladi. Fuqarolarga bunday holatda qanday yo‘l tutilishini tushuntiryapmiz, mabodo pnevmoniyaga o‘tsa, statsionar sharoitda davolanish shart», deydi shifokor.
Mutaxassisning aytishicha, bolani statsionarda yotqizishda bir necha holatga e'tibor berish kerak:
- bolada hansirash kuzatilsa;
- nafas olishi yomonlashsa;
- saturatsiyasi tushib ketsa;
- holsizlanish kuzatilsa;
- tana harorati 3 kun davomida 38,5dan baland bo‘lsa.

Osma ukol va antibiotiklar bolaga zarar yetkazadi
«Statsionar davolanishda bolaning holatiga qarab turli dorilar ishlatiladi. Bolada pnevmoniya aniqlangandagina antibiotiklar ishlatilishi tavsiya etiladi. Lekin uy sharoitida mutlaqo tavsiya qilinmaydi. Bundan tashqari, osma ukollar ayniqsa aholi orasida juda keng tarqalgan, bolalarga osma ukollar qilishda juda ehtiyotkor bo‘lish zarur. Chunki bolada osma ukol tufayli o‘pka shishishi tez ro‘y beradi. Shu sababli uyda bolaga osma ukol qilish man etiladi. Bizning statsionarda 250dan ortiq bemor davolanyapti, hammasi tuzalib tez kunda uyiga qaytyapti. Sharoitlar yaratilgan va barcha zarur dorilar olib kelingan.
















