1839 yil 23 iyul, ingliz qo‘shinlari G‘azna shahriga kirib bormoqda.
Foto: Wikipedia

1838 yilning iyun oyida Hindistonning britaniyalik gubernatori lord Oklend Afg‘onistonga bostirib kirish masalasini hal qilish uchun oliymaqom amaldorlarni yig‘ilishga to‘playdi.

Oklend va boshqa amaldorlar-u diplomatlarni bu mintaqada Rossiyaning kuchayib borayotgan ta’siri xavotirga solardi. Ruslar Eron bilan do‘stona ittifoq tuzib, endi Afg‘oniston bilan ham shunday munosabat o‘rnatishga urinayotgan edilar. Ruslar bu borada muvaffaqiyat qozongudek bo‘lsalar Hindistonga tajovuz qilishlari uchun yo‘l ochiladi.

Ruslardan oldin otni qamchilab, Afg‘oniston amiri Do‘st Muhammad bilan shartnoma tuzish o‘rniga, Oklend bu mamlakatni bosib olib, amirni taxtdan ag‘darishni taklif qiladi.

Bundan tashqari, shu voqealardan 25 yil burun taxtdan chetlatilgan shoh Shuja ul-Malikni Afg‘oniston hukmdori sifatida qayta tiklashni ilgari suradi. Bu variant amalga oshsa, shoh o‘zini inglizlar oldida qarzdor hisoblab, ular chizgan chiziqdan chiqmaydi.

O‘sha kuni Oklend ma’ruzasini tinglagan amaldorlar ichida Kalkutta hukumatining 45 yoshli kotibi Uilyam Hey Maknakten ham bor edi. Bostirib kirish rejasi unga juda ma’qul tushadi: shoh boshchiligidagi do‘stona yangi hukumat Afg‘onistonda Britaniya manfaatlarini himoya qiladi va ta’sirini kengaytiradi, bunga nima yetsin. Bundan tashqari, reja juda ishonarli chiqqandi. Ibtidoiy urug‘-jamoa darajasida turgan afg‘onlarni mag‘lubiyatga uchratish Britaniya armiyasi uchun hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bu operatsiya shunday tashkil qilinadiki, go‘yo Britaniya rus mustabid tuzumining istibdodiga tushib qolmasligi uchun xaloskor sifatida Afg‘onistonga beg‘araz yordam qo‘lini cho‘zgan bo‘ladi. Shoh Shuja ul-Malik taxtga chiqishi bilanoq ingliz armiyasi mamlakatni tark etadi. Chunki shoh Britaniya ta’siri ostiga tushib, ularning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib qolganligini afg‘onlar sezmasligi kerak.

I ingliz-afg‘on urushida voqealar markazida turgan Uilyam Hey Maknakten

Ushbu loyiha yuzasidan muhokamalar chog‘ida Maknakten uni qizg‘in qo‘llab-quvvatlaydi. Uning entuziazmi shu qadar kuchli ediki, Oklend buni ko‘rib to‘g‘ri qarorga kelganiga to‘la ishonch hosil qiladi va Maknaktenni Afg‘onistonga elchi qilib tayinlaydi.