«Hozirgi vaziyatning sababi shuki, qaror [amerikalik harbiylar olib ketilishi bo‘yicha qaror] keskin va kutilmaganda bo‘ldi», degan u dushanba kuni afg‘on parlamentida va Vashingtonni oqibatlar haqida ogohlantirgan.

«Tolibon» harakati jangarilari may oyi boshida hukumat kuchlariga qarshi keng ko‘lamli yurishlar boshladi va mamlakatning yarmini egallab olishdi, toliblarning o‘zlari esa 80 foiz hududga egalik qilinayotganini iddao etishadi. Ularning maqsadi - Afg‘onistonda amerikaliklar kelguniga qadar 1996-2001 yillarda hukm surgan islom amirligini tiklash hisoblanadi.

Hozirda uchta viloyat markazi uchun qaqshatqich janglar davom etmoqda: Hirot, Qandahor va Lashkargoh.

Ashraf G‘ani uning boshqaruvidagi hukumatga barchasini o‘z joyiga qo‘yish uchun yarim yil vaqt kerakligini bildirgan.

Navbatdan tashqari sessiya uchun yig‘ilgan parlament deputatlari Afg‘oniston Respublikasi va uning konstitutsiyasini qat'iy qo‘llab-quvvatlovchi bayonot qabul qilishdi.

Janglar, gumanitar inqiroz va opium
Afg‘oniston janubi va g‘arbida hukumat kuchlari hamda «Tolibon» harakati vakillari o‘rtasida intensiv janglar davom etmoqda. Toliblar Lashkargoh, Qandahor va Hirot kabi muhim shaharlarni egallashga harakat qilmoqda.

Hirotda vaziyat og‘irlashgach, hukumat maxsus topshiriqli jangovar bo‘linmalarni yubordi

Janubiy viloyatlardan biri Hilmand markazi Lashkargohda, mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, hukumat kuchlari faqat ikki tumanni o‘z qo‘lida tutib turibdi, ko‘cha janglari davom etmoqda.

Amerikaning CNN telekompaniyasi mahalliy jurnalistlarga tayanib xabar berishicha, toliblar Hilmand viloyati markazi bo‘lmish Lashkargoh shahridagi bir necha tumanlarni o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘lgan. Lashkargoh orqali bir necha strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar o‘tadi, xususan, Qandahor, Hirot hamda mamlakat janubidagi iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan bir necha qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlarni o‘zaro bog‘lovchi yo‘l ham.

Lashkargoh hukumat kuchlari toliblarga topshiradigan ilk viloyat markazi bo‘lishi mumkin - shu vaqtgacha Kobuldagi hukumat barcha 34 viloyat markazini o‘z qo‘lida saqlab qolmoqda. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, toliblar allaqachon shaharning katta qismini qo‘lga kiritib bo‘lgan. Hukumat binolaridan bir necha yuz metr masofada janglar davom etmoqda.