O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Italiyaning «Roma» klubi bilan shartnoma imzoladi. Joze Mourinoning tashabbusi bilan amalga oshgan transfer uchun rimliklar 17,5 million yevroning bahridan o‘tishdi. Bu transfer nafaqat o‘zbek futbolida, balki Rossiya va Italiyada ham keng muhokama qilinmoqda.

Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashri Eldorga agentlik xizmatini ko‘rsatuvchi ProSpors Management kompaniyasi boshlig‘i German Tkachenko bilan suhbat uyushtirib, transfer haqida so‘radi.

– Hozirgina «Roma» Shomurodovning transferini e'lon qildi. Oddiy yigitning top-klubda paydo bo‘lishi tashqaridan qaraganda ertakka o‘xshaydi.

– Shomurodovning «Roma»ga o‘tishi ertak emas. Bu transferda 90 foiz Eldorning mehnati rol o‘ynagan bo‘lsa, qolgan 10 foizida biz shunchaki o‘z ishimizni to‘g‘ri qildik. Albatta, bu avvalo Eldorning mehnati, iste'dodi evaziga sodir bo‘ldi. Gap faqat Italiyadagi dastlabki 10 oyda urilgan 8 golda ham emas. U jamoaviy harakatlarda yaxshi o‘ynadi, sheriklariga bo‘shliq yaratib berdi, himoyada ham yordam ko‘rsatdi.

Qisqa muddatda uni «Jyenoa» klubidagilar, sheriklari va ko‘plab muxlislar yoqtirib qolishdi. Umuman olganda, A Seriya uni zo‘r kutib oldi. Bu qishki transfer oynasi vaqtidayoq – katta klublar va jurnalistlarning qo‘ng‘iroqlaridan ma'lum edi.

– Sizning bu borada ishingiz nimadan iborat edi?

– Ishni Toshkentda boshlab, o‘shandayoq qanday harakatlanishni kelishib olgandik. Ya'ni uni avval unchalik katta bo‘lmagan rus klubida o‘ynatish orqali Yevropaga olib borishga harakat qilish haqida o‘ylagandik. Uning avvaliga Rossiyaga, keyin Italiyaga moslashishiga yordam berdik. Italiyada Eldorning dastlabki uch oy hayotida bizning xodimimiz u bilan birga bo‘lib deyarli barcha maishiy tashvishlarigacha hal qilib turdi.

Keyin Eldorni italyanchani o‘rganishga majburladik, desam ham bo‘ladi. Boshida juda yomon o‘zlashtirdi, hozir esa hammasi yaxshi. Til o‘rgangani unga yangi mamlakatga moslashishga yordam berdi. Shuningdek, professional sheriklarni tanlash ham muhim omil hisoblanadi. Italiyada aka-uka Jifruddalarning GG11 kompaniyasi bilan hamkorlik qilamiz. Ular haqiqiy professional yigitlar. Yana takrorlayman, Eldorning transferi avvalo uning mehnati va karerani tashkil etishdagi professionalligi yordamida amalga oshdi.