Qashqadaryo viloyati ekologiya boshqarmasi Dehqonobodda kovrak shirasini noqonuniy yig‘ganlardan 3 milliard so‘m undirmoqchi

Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi Dehqonobodda kovrak shirasini noqonuniy yig‘ganlardan 3 milliard so‘m undirish uchun viloyat prokuraturasiga murojaat qilgan. Bu haqda Dehqonobod tumani ekologiya inspeksiyasiga tayanib, tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Dehqonobod tumani ekologiya bo‘limi boshlig‘i “Qizil kitob”ga kiritilgan kovrak o‘simligini o‘z manfaati yo‘lida ishlatayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorat inspeksiyasi mazkur xabar bo‘yicha izoh bergan.
Ma'lum qilinishicha, hozirgi vaqtda Dehqonobod tumani hududida hech kimga «Qizil kitob»ga kiritilgan kovrak o‘simligi shira-smolasini yig‘ib-terishga maxsus ruxsatnoma (kvota) berilmagan. Shunga qaramasdan mahalliy aholi va tadbirkorlar tomonidan o‘simlik ildiz qismlarini kovlash, qazish ishlari olib borilgan.
Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va tuman inspeksiya xodimlari tomonidan bu holat bo‘yicha «Torqopchug‘ay» MFY Sebatli massivida o‘rganish o‘tkazilganda tumanda faoliyat yuritayotgan xususiy korxonalar ishchi xizmatchilari tomonidan kovrak o‘simligi shira-smolasi yig‘ilayotgani ma'lum bo‘lgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan monitoring ma'lumotnomasi tuzilib, har bir ildiz qismlari kovlab qazilgan kovrak o‘simligi sanoqdan o‘tkazilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar hisoblanib, 3 milliard so‘mga yaqin summani undirish bo‘yicha viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi viloyat prokuraturasiga murojaat qilgan.
Bundan tashqari, reydlar o‘tkazish jarayonida «Torqopchug‘ay», «Qo‘rg‘ontosh», «Qoluvdor», «O‘zbekiston» MFY hududlarida mahalliy aholi ham kovrak o‘simligi shira-smolasini yig‘ish maqsadida o‘simlik ildiz qismlarini kovlagani aniqlangan. Inspeksiya xodimlari holat yuzasidan ellik nafarga yaqin fuqaroga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekning 81-modda 1-qismi bo‘yicha ma'muriy jarima qo‘llagan.
Ma'lumot uchun, 2021 yil 8 iyulda prezidentning «Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilingan. Mazkur qarorning 6-bandiga asosan, endilikda jismoniy va yuridik shaxslar Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining doimiy egaligidagi yaylovlar hududida dorivor o‘simliklarni, shu jumladan, kovrak o‘simligini yig‘ish, ekish va yetishtirish uchun qo‘mita bilan ijara shartnomasi tuzib, unda belgilangan hududlarda rejasini amalga oshirishi belgilab berilgan.
Prezidentning 2020 yil 2 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, Dehqonobod tumanidagi barcha – 177 ming gektar yer maydoni Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi hisobiga o‘tgan. Shu jumladan, tumanda faoliyat olib borgan va har yili o‘rtacha 5-6 million dollarlik eksport ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan 21 nafar kovrak yetishtiruvchi tadbirkorlarning yerlari ham qo‘mita hisobiga o‘tib ketgan.
Mavzuga oid

15:37 / 20.06.2025
Hisorak suv omboridan Qarshi shahrigacha ichimlik suv tarmog‘i tortiladi

15:31 / 20.06.2025
Prezident Kitobdagi oltin konini auksion asosida tadbirkorlarga berish bo‘yicha topshiriq berdi

15:13 / 20.06.2025
«Oyiga 100 ming odamga xizmat qila oladi» – prezident Chiyal dehqon bozoridagi sharoitlarni yaxshilashga ko‘rsatma berdi

08:41 / 29.05.2025