O‘zbekiston | 11:35 / 05.08.2021
8200
2 daqiqa o‘qiladi

Nuriddin Ismoilov Eronning yangi saylangan prezidenti bilan uchrashdi

Tehron shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Oliy majlisi qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov kecha, 4 avgust kuni Eron Islom respublikasining yangi saylangan prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashdi. Bu haqda qonunchilik palatasi saytida ma'lum qilindi.

Eron rahbari uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan uning saylovlardagi g‘alabasi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi uchun minnatdorchilik bildirgan.

U shuningdek, Eron rasmiy doiralari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan mintaqa davlatlari bilan o‘zaro hurmat, do‘stlik va birodarlik tamoyillariga asoslangan yaqin qo‘shnichilik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlagan.

Prezident Raisiyga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan  islohotlar mamlakatning ijtimoiy hayotida parlament rolini kuchaytirgan.

«Kelgusida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashda parlamentlararo munosabatlar muhim o‘rin tutadi», – degan u.

Muloqotda O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlikni tomonlarning mavjud salohiyati darajasiga olib chiqish, bu borada, ayniqsa, parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga doir masalalar muhokama qilingan.

  • Eslatib o‘tamiz, Eronda joriy yilning 18 iyunida prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. 48,8 foizlik davomat qayd etilgan saylov natijalariga ko‘ra, Ibrohim Raisiy 62 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Raisiy 3 avgustdan prezidentlik vakolatlarini bajarishga kirishgan. 5 avgust kuni esa uning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tmoqda.

Mavzuga oid