Ma'lum qilinishicha, Samarqandda o‘tkazilayotgan «Jinoyatchilikka qarshi kurash» tezkor profilaktik oyligi tadbirlari doirasida, olingan tezkor ma'lumotga asosan, 2021 yil 7 avgust kuni Jomboy tumani Olmazor mahallasi Yerteshar qishlog‘ida yashovchi S.K.ning yashash uyida tintuv tergov harakati o‘tkazilgan.
Tintuv davomida, uy omborxonasidan 2 dona qopga solingan kannabis giyohvand moddasi topilgan. Bundan tashqari, S.K.ning tomorqasida 165 tup kannabis giyohvandlik o‘simligi o‘stirilayotgani aniqlanib, ular hujjatlashtirib olingan.
Ta'kidlanishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha 6 avgust kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Jomboy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Olmazor mahallasida yashovchi yana bir shaxs o‘z tomorqasida 2 160 tup kannabis o‘stirayotgani aniqlangandi.











