Jamoat hojatxonalari masalasida ko‘p marta yozilgan, aytilgan, hatto yuqori darajada qarorlar qabul qilingan, rejalar tuzilgan bo‘lsa-da, hozircha bu borada biror yutuq bilan maqtana olmaymiz. Tan olish kerak, yurtimizda jamoat hojatxonalari dahshatli darajada kam, ulardan foydalanish madaniyati o‘ta past.

Inson umrini o‘rtacha yetmish yil deb oladigan bo‘lsak, odamzod o‘z hayotining taxminan olti oyini hojatxonada o‘tkazar ekan. Shunday ekan, bu jarayon nafaqat bir inson uchun, balki butun jamiyat uchun muhim.

«Biror oila haqida tasavvurga ega bo‘lmoqchi bo‘lsang, hojatxonasiga kirib ko‘r», deb bekorga aytishmagan. Bodrabxona qanday qurilgani bir oila emas, tashkilotlar, ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish maskanlari, umuman, butun bir mamlakat haqida ham yetarlicha xulosa chiqarishga asos bo‘lishi mumkin.

2016 yilga qadar bizda bu mavzu haqida rasman gapirilmagan. Go‘yoki muammo yo‘qdek edi. O‘zbekistonda davlat boshqaruvi yangi qo‘lga o‘tganidan so‘ng ko‘p sohalar singari ko‘pchilik aytishga ham uyalgan, aslida nihoyatda jiddiy mavzu bo‘lgan hojatxonalar masalasiga ham to‘xtalindi.

2018 yil boshida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda hojatxona xizmatini takomillashtirish bo‘yicha keskin islohotlar o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani ma'lum qilindi. Hojatxonalar juda kamligi tan olindi va masala yechimi yuzasidan qator chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Hojatxona qurib ishga tushirganlarga bir qancha soliq imtiyozlari taklif qilindi. 

Bunga ham 3,5 yil vaqt o‘tdi.

Mana shu satrlarni o‘qiyotganlar o‘z yashab turgan hududlari misolida bir o‘ylab ko‘rsinlar: qaysi shahar yoki tuman markazining biror ko‘chasida yangi jamoat hojatxonasi qurildi yoki eskilari talab darajasida ta'mirlandi? O‘zi jamoat hojatxonasi bormidi?

Katta ehtimol bilan bu savollarga ijobiy javob yo‘q.

Lekin bu masala bilan shug‘ullangan qo‘mita, ayni paytda Turizm va sport vazirligining ma'lumotlariga tayanilsa, muayyan ishlar bajarilgani ma'lum bo‘ladi.

Turistik infratuzilma obektlari sanitar-gigiyenik holatini yaxshilash hamda turistik axborot markazlarini tashkil qilish bo‘limi boshlig‘i Muhayyo Hayitova:

– 2017 yildan boshlab shu kunga qadar mamlakatimizda turistlar tashrif buyuradigan obektlar, yo‘l bo‘ylari va aholi gavjum joylarda 5 mingdan ortiq sanitariya-gigiyena shoxobchalarining hozirgi zamon talablari asosida ta'mirlanganligi va yangidan qurilganligi, shuningdek, respublika bo‘yicha yo‘lovchilar foydalanishi uchun shoxobchalar bo‘lmagan yonilg‘i quyish stansiyalarining deyarli qolmasligiga erishilgan.