O‘zbekiston | 11:29 / 09.08.2021
2457
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryodan o‘g‘irlangan chorva mollarini Jizzax viloyatiga olib borib sotgan o‘g‘rilarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: KUN.UZ

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidan o‘g‘irlangan chorva mollari Jizzax viloyati Zomin tumanidan topildi. Mol o‘g‘rilari ushlanib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Nishon tumani «Yoshlar diyori» MFYda yashovchi K.S. ichki ishlar organlariga murojaat qilib, 2021 yil 28 iyul kuni soat 11:00dan 15:00ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida tumanning «Oydin» MFY hududidagi dala maydonida bog‘liq holda turgan 8 bosh, jami bozor bahosi 44 million so‘m bo‘lgan yirik shoxli mollarini noma'lum shaxslar o‘g‘irlab ketganini bildirgan.

Tuman IIB tezkor xodimlari olib borgan surishtiruv harakatlari davomida mazkur jinoyatni Nishon tumani «Oydin» MFYda yashovchi, muqaddam sudlangan T.Sh. hamda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani «Balandravod» MFYda yashovchi, muqaddam sudlangan N.J. sodir etganini aniqlagan.

Gumondorlarning ko‘rsatmasi asosida Jizzax viloyati Zomin tumani «Baxt» MFYda yashovchi T.K.dan K.S.ga tegishli 5 bosh yirik shoxli o‘g‘irlangan mollar tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid