AQSh prezidenti Jo Bayden «Tolibon» harakati jangchilarining muvaffaqiyatli yurishlari amerikalik harbiylarni Afg‘onistondan olib chiqish rejasiga ta'sir ko‘rsatmasligini va afg‘on hukumati o‘z mamlakati uchun o‘zi kurashishi kerakligini aytdi.

«Biz  20 yil ichida trillion dollardan ortiq mablag‘ sarfladik, biz soni 300 mingdan oshadigan afg‘on xavfsizlik kuchlari askarlarini o‘qitdik va zamonaviy jihozlar bilan ta'minladik. Biz u yerda minglab odam yo‘qotdik.

Ular kurashishi kerak. Ularning soni toliblardan ko‘p», degan Bayden.

Bayden harbiylarni olib chiqish qaroridan afsuslanmasligini aytgan, shu bilan birga rasmiy Vashington o‘z majburiyatlarini bajarishda va afg‘on hukumatini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, shu jumladan, afg‘on askarlariga maosh to‘lanib, oziq-ovqat bilan ta'minlanishini bildirgan.

Toliblar 9 viloyat markazini egallab bo‘lishdi

Toliblar so‘nggi bir kunda g‘arbda, Eron bilan chegara yaqinida joylashgan Farah viloyatining shu nomdagi markazini, shimolda Bag‘lon viloyati markazi Puli-Humri (Kobulga 230 km masofada joylashgan) va Badaxshon viloyati markazi Fayzobod shahrini ham qo‘lga kiritishgani haqida ma'lum qilishdi.

Farah viloyati majlisi a'zosi Shahlo Abubar 10 avgust kuni Fransiyaning AFP axborot agentligiga bergan intervyusida «Tolibon» kuchlari kunning ikkinchi yarmida xavfsizlik kuchlari bilan qisqa to‘qnashuvdan so‘ng shaharga kirgani, ular gubernatorlik va politsiya bosh qarorgohini egallab olishgani haqida ma'lum qilgan. 

Shu kunlarda «Tolibon» navbatdagi maqsadi sifatida e'lon qilgan Puli-Humri uzoq davom etgan janglardan so‘ng taslim bo‘lgan. «Kunduzi toliblar bir necha yo‘nalishlarda fron chizig‘ini yorib o‘tishdi. Og‘ir janglardan keyin amaldorlar va xavfsizlik kuchlari hukumat binolari, maxsus xizmatlar ofislari va politsiya bosh uchastkasini tashlab chekinishdi. Janglar davom etmoqda. Biz qayerga chekinishni muhokama qilyapmiz», degan chorshanba tongida shahar rasmiylaridan biri Guardian muxbiriga.

Tolo News telekanali ma'lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari Puli-Humridan evakuatsiya qilinib, Kelagay qishlog‘i tomon chekingan.