O‘zbekiston | 15:15 / 12.08.2021
1495
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandga reys tashkil etayotgan Ukraina aviakompaniyasi O‘zbekistondagi vakolatli organ ruxsatnomasini olmagani ma'lum qilindi

Ukrainaning Bees Airline aviakompaniyasi 30 avgust kunidan boshlab, haftaning har dushanba kuni Kiyev-Samarqand-Kiyev yo‘nalishida parvozlar boshlashini e'lon qilib, 9 avgust kuni reyslarga chiptalar sotuvi boshlangani haqida xabar tarqatgan. Transport vazirligi axborot xizmati mazkur xabar bo‘yicha munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Ukraina aviakompaniyasi O‘zbekistondagi vakolatli organlarga bu to‘g‘rida murojaat qilmagan va tegishli ruxsatnoma olmagan.

Munosabatda yozilishicha, Ukraina aviakompaniyasi tomonidan tarqatilgan xabarda mazkur yo‘nalishdagi qatnov qay tartibda (muntazam yoki charter) amalga oshirilishiga oydinlik kiritilmagan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga Ukrainaning Bees Airline aviakompaniyasi tomonidan Samarqandga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan murojaatlar bo‘lmagan.

Qolaversa, aviakompaniya tomonidan Kiyev-Samarqand-Kiyev yo‘nalishida bir martalik charter parvozlarni bajarishni tashkil etish yuzasidan «O‘zaviatsiya» agentligiga shu vaqtga qadar hech qanday so‘rov kelib tushmagan.

Ta'kidlanishicha, xorijiy mamlakatlar aviakompaniyalari O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi aerodromlariga bir martalik (charter) reyslarni amalga oshirish uchun vakolatli organ – Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligining tegishli ruxsatnomasini olishi va ana shundan so‘ng aviachiptalar sotuvini boshlashi lozim.

«Vakolatli organning charter qatnovini bajarish bo‘yicha tegishli ruxsatnomasi mavjud emasligi natijasida aviakompaniyalar tomonidan e'lon qilingan yo‘nalishdagi parvozning bekor qilinishi yo‘lovchilar orasida ijtimoiy keskinlikning vujudga kelishiga olib keladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi xorijiy aviakompaniyalardan yo‘lovchilarning huquqlari va tashuvchining majburiyatlariga qat'iy rioya etishini so‘rab qoladi», deyiladi munosabatda.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekiston va Ukraina aviatsiya ma'muriyatlari o‘rtasida faqatgina «Toshkent – Kiyev» yo‘nalishida parvozlarni amalga oshirish yuzasidan kelishuv mavjud.

P.S. Samarqand viloyat turizm va sport boshqarmasi matbuot xizmati 10 avgust kuni Kiyevdagi O‘zbekiston elchixonasida Kiyev-Samarqand muntazam reyslar ochilishi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazilgani haqida xabar tarqatdi.

Mavzuga oid