- Vadim Karlenovich, sizdan keyin milliy jamoani Srechko Katanets boshqarishi ma'lum qilindi. Siz sloveniyalik mutaxassisning jamoalariga qarshi o‘ynagansiz, uning ishi va o‘yin uslubi haqida qanday fikrdasiz?
- Bu murabbiyning avvalgi ishlariga men tomonimdan baho berilishi menimcha noto‘g‘ri bo‘ladi. Men bilgan yagona narsa shuki, Iroq milliy jamoasi Katanets qo‘l ostida himoyadan o‘yin tashkil etardi. Fikrimcha, u bizda ham o‘yinni himoyadan tashkil etadi. Uning avvalgi jamoalaridagi natijalari mendan ko‘ra sizlarga yaxshiroq ma'lum bo‘lsa kerak. Chunki uning Osiyo jamoalaridagi natijasini kuzatganim yo‘q. Uning yagona muvaffaqiyati sifatida qachonlardir Sloveniya milliy jamoasini Yevropa va jahon chempionatiga olib chiqqanini bilaman. Undan keyingi natijalarini kuzatganim yo‘q.
- Har holda Katanets jamoasiga qarshi o‘yinlarni eslasangiz kerak?
- Uning jamoalariga qarshi ikki marta o‘ynaganman. Iroq bilan 2020 yil BAAda o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdik. O‘shanda nisbatan yoshartirilgan tarkib to‘p surgandi. O‘yinda hisobni ochgan bo‘lsak-da, ikki xatomiz ikkita golga sabab bo‘lib yutqazgandik. Toshkentda ham mart oyidagi o‘yinda (O‘zbekiston – Iroq 0:1) ustunlik qilib, minimal hisobda yutqazgandik. Buni izohlash qiyin. Ikki marta ham yutgan ekan, demak u yaxshi mutaxassis.

- Ushbu bahslarda Katanets jamoasining o‘yinini o‘rgangan bo‘lsangiz kerak. U ko‘proq qaysi jihatlarga e'tibor qaratadi?
- Ha, raqib o‘yinlarini o‘rganganmiz. Uning qo‘l ostida Iroq milliy jamoasi har doim qarshi hujumga tayanib, o‘yinni himoyadan qurgan. Bizga qarshi bahslarda ham qarshi hujumda qochib, gol urishgan. Biz esa o‘z imkoniyatlarimizdan foydalana olmaganmiz. Uning qo‘l ostida ular doim shunday o‘ynashgan. Ehtimol, u qo‘l ostidagi tarkibdan kelib chiqqan holda shunday taktika tanlagandir.
- Milliy jamoamizning sizdan avvalgi murabbiyi Kuper himoyaviy o‘yin ko‘rsatgan va sizdan keyingi murabbiy Katanets ham ko‘proq himoyadan o‘yinni tashkil etgan. Mutaxassis sifatida ayting-chi, bu murabbiylarning o‘yin uslubida yana qanday o‘xshashliklar bor, futbolga qarashi nuqtayi nazaridan?
- Ochig‘i, bu haqda biror narsa deyish qiyin. O‘ylaymanki, istalgan murabbiy yangi joyda ish boshlasa, u qo‘l ostida qanday futbolchilar yig‘ilishdan kelib chiqib tizimni va ishni yo‘lga qo‘yadi. U futbolchilarimiz bilan qancha tez tanishsa, shunga qarab o‘yin uslubi, taktikani tanlaydi. Har bir murabbiy futbolga nisbatan o‘z qarashiga ega, uning nimalarni o‘ylayotgani haqida gapirish qiyin, o‘yindan keyin esa gapirish oson. Shu bois kimnidir muhokama qilish mening qoidalarimga zid.

















