O‘zbekiston | 18:50 / 24.08.2021
101127
3 daqiqa o‘qiladi

«Bir boyvachchaning o‘g‘li shu ishni qilibdi» - Prezident Zomindagi o‘rmon yong‘ini haqida gapirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiya muammolariga bag‘ishlangan videoselektorda Zomin tog‘larida ro‘y bergan o‘rmon yong‘inlari bo‘yicha ham to‘xtaldi.

«Ekologiya bizning hayot-mamotimiz. Har bir viloyat hokimi shaxsan kelib, bosh vazirga kelib taqdimot qiladi. Men o‘zim qishloqqa borib qattiq o‘yga tolaman, Zominda yong‘in bo‘ldi, bir boyvachchaning o‘g‘li shu ishni qilibdi. Hozir prokuratura shug‘ullanyapti, chorasini ko‘ramiz.

Bo‘stonliqdagi ahvol ham yaxshi emas, hammayoq chang-to‘zon. Bu masalani bevosita bosh vazirimizga topshirganim bejiz emas», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.

Viloyat hokimlariga yil yakuniga qadar aholi massivlarida 855 gektar maydonga ega «yashil maydon» hamda 585 gektar maydonda «jamoat parklari» tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Toshkent viloyati – 275 gektar, Samarqand –155 gektar, Surxondaryo – 140 gektar, Jizzax – 130 gektar, Andijon – 125 gektar, Farg‘ona – 108 gektar, Xorazm – 80 gektar, Qoraqalpog‘iston – 68 gektar, Navoiy va Qashqadaryo – 63 gektardan, Buxoro – 56 gektar, Sirdaryo va Namangan – 50 gektardan. Bunda, ushbu hududlar yer va mol-mulk solig‘idan to‘liq ozod qilinadi.

«Har bir mahallada, daraxtlarning egasi, uni parvarishlash uchun mas'ullar bo‘lishi shart. Afsuski, bizda bunday tizim yo‘q. Yil yakuniga qadar daraxtlarni bino va inshootlar mulkdorlariga biriktirish va kadastr pasportini taqdim etish tizimi joriy etilsin», degan davlat rahbari.

Yig‘ilishda daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirilishi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi haqida ma'lum qilingan.

  • Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida Jizzax viloyatining Zomin tumani tog‘larida o‘rmon yong‘ini ro‘y bergan, yong‘inni o‘chirish uchun yuzlab xodimlar jalb etilgan, olov o‘nlab gektar maydonga zarar yetkazgandi. Yong‘in kelib chiqish sababi bo‘yicha rasmiy ma'lumot berilmagan.
  • Kun.uz bu masalada surishtiruv o‘tkazgan, sayt manbasi yong‘in Jizzax viloyati hokimining o‘g‘li yoki Zomin tumani hokimining ukasining nomida bo‘lgan dala hovlida olib borilayotgan qurilish (payvandlash ishlari) vaqtida kelib chiqqanini aytgandi.

Mavzuga oid