O‘zbekiston | 16:49 / 24.08.2021
22531
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident hududlarda daraxtlar pala-partish ekilayotgani va qurib qolayotganini qattiq tanqid qildi 

Prezident ekologiyani yaxshilash bo‘yicha navbatdagi vazifalarni belgilab berdi.

Foto: Ekologik partiya

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektorda oktabr-noyabr oylarida 55 million dona, kelgusi yil bahor mavsumida avtomobil yo‘llari, dala chetlari, barcha aholi maskanlarida 70 million dona tut, pavlovniya, mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek, tez o‘suvchi va boshqa ko‘chatlarni ekish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari Toshkent shahri tumanlari, viloyat markazlari va yirik shaharlarda daraxtlar va ekinlar mahalliy iqlimni inobatga olmasdan, pala-partish ekilayotgani bois kundan kunga qurib borayotgani, tuman hokimlari obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygani, shahar ko‘chalari chiqindiga to‘lib ketgani bilan hech kimning ishi yo‘qligini qattiq tanqid qildi.

«Tuman hokimlari obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan, shahar ko‘chalari chiqindiga to‘lib ketgani bilan hech kimning ishi yo‘q. Qani tuman hokimi, qani sektor rahbari?» deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Har bir mahallaga daraxtlarni parvarishlash uchun Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan 1 nafardan ishchi biriktirilishi belgilandi.

Tuman va shahar obodonlashtirish bo‘limlariga ajratilayotgan 10 mingta shtat doirasida har bir tuman (shahar) hududidan kelib chiqib 5ta ishchidan iborat daraxtlarni saqlash bo‘yicha guruhlar tashkil etiladi.

Prezident ekologiyani yaxshilash bo‘yicha navbatdagi vazifalarni belgilab berdi:

  • 1,3 ming kilometr magistral yo‘llar bo‘ylarida, hududlarning iqlimidan kelib chiqib, sentabr-dekabr oylarida 480 ming dona hamda kelgusi yil bahor oylarida 330 ming dona chinor, eman, jiyda terak va boshqa daraxt ko‘chatlarini ekish;
  • yil yakuniga qadar shaharlar va tuman markazlarida 16 million tup mevali, yong‘oq manzarali va daraxtlar buta ko‘chatlari ekish;
  • aholi xonadonlari, tadbirkorlik obektlari hududi va ularning yon atrofida 42 million dona tut, yong‘oq, jiyda kabi daraxtlar ekish;
  • dala maydonlari atrofi hamda kanallar bo‘yida 53 million dona tut, jiyda, manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekish;
  • o‘rmon xo‘jaliklari hududlarida 3 million dona tut ko‘chati ekish;
  • Mudofaa vazirligi tasarufidagi muassasalarda, shu jumladan Chorvoq suv ombori hamda  Krasnogorsk shaharchasi atrofidagi o‘rmon hududlarida 500 ming dona manzarali, mevali va buta ko‘chatlarini ekish;
  • ikki oy muddatda shaharlar va tumanlar markazlaridagi 4,5 ming kilometr ichki irrigatsiya tarmoqlari faoliyatini tiklash.

Davlat rahbari har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, ushbu hudud uchun mos bo‘lgan daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirish zarurligini ta'kidladi.

Misol uchun, Andijon, Paxtabod va Marhamat tumanlarida 30dan ziyod pavlovniya yetishtiruvchi xo‘jaliklar tashkil etilgan va hozirda ular 5 million dona ko‘chatlar ekishga tayyor. 

Bunday xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun hamda aholini sifatli ko‘chatlar bilan ta'minlash maqsadida har bir hududda «Yashil zamin» jamg‘armalari tashkil etiladi.

Viloyat hokimlariga oktabr-noyabr oylarida «Yashil zamin» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kamida 5 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish topshirig‘i berildi.

Mavzuga oid