O‘zbekiston | 12:56 / 26.08.2021
10810
3 daqiqa o‘qiladi

«Biz Afg‘onistonda barcha siyosiy kuchlar manfaatini hisobga olib tuziladigan koalitsion hukumat tarafdorimiz» - TIV

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyevning ta'kidlashicha, O‘zbekistonning Kobul shahridagi elchixonasi va Mozori Sharifdagi konsulxonasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Bugungi kunda Afg‘onistonda tijoriy yoki boshqa maqsadlarda borib, qiyin ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarolari mavjud emas.

Senatning o‘n sakkizinchi yalpi majlisida ishtirok etgan tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev senatorlar tomonidan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan berilgan savollarga javob berdi.

«Hozirda Afg‘onistonda oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lmagan jarayonlarni kuzatyapmiz. O‘zbekiston ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatish jarayonlariga bir necha yildan beri ishtirok etib keladi.

Biz bu mamlakatda barcha siyosiy kuchlarning manfaatini hisobga olgan holda tuziladigan koalitsion hukumat tarafdorimiz. O‘zbekiston hukumati kuch ishlatish yo‘li bilan bu mamlakatda tinchlik jarayonlarini o‘rnatish mumkin degan qarashlardan yiroq bo‘lgan.

Bir necha yildan beri «Tolibon» hukumati bilan konstruktiv aloqalar olib boramiz va ularga ham afg‘on jamiyatining inkor qilib bo‘lmaydigan vakillari sifatida qarab kelganmiz.

Ayrim OAVlarda yozilayotgan terroristik guruhlarga mansub ayrim odamlarning O‘zbekistonga o‘tish riski va xavf-xatari haqida gapiradigan bo‘lsak, ayni paytda O‘zbekiston hududidan tranzit tarzda foydalangan holda xalqaro tashkilotlar, xorijiy diplomatik korpus vakillari va afg‘on fuqarolari mamlakatni tark etishmoqda. Bizda kelayotgan fuqarolarning ro‘yxati bor, xorijiy mamlakatlar ham o‘zlari olib ketayotgan odamlar uchun mas'uliyatni bo‘yniga olishgan. O‘zbekiston hududiga tranzit orqali terroristik tashkilotlarga aloqador insonlarning kirib kelib, qolib ketishiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.

Afg‘onistondagi vakolatxonalarimiz va fuqarolarimiz masalasiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, Kobul shahrida elchixonamiz, Mozori Sharifda esa konsulxonamiz mavjud. Har ikkala tashkilotning faoliyati ayni vaqtda davom etyapti. Bugungi kunda Afg‘onistonda tijoriy yoki boshqa maqsadlarda borib, qiyin ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarolari mavjud emas», dedi Farhod Arziyev.

Mavzuga oid

E`lonlar