Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida noma'lum shaxs tug‘ruqxonada ishlovchi hamshirani sochidan tortib tashqariga sudrab chiqayotgani aks etgan video tarqaldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan o‘rganishlar olib bordi va zo‘ravon sobiq ichki ishlar xodimi ekanini ma'lum qildi.

«So‘nggi vaqtlarda yurtimizda bemorlar va ularning qarindoshlari tomonidan o‘z kasbiy faoliyatini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan kuch ishlatish va tajovuz qilish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Afsuski, ko‘p hollarda tibbiyot xodimlariga qilinayotgan bunday tajovuzlar natijasida ularning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetib, keyingi faoliyatiga salbiy ta'sir qilmoqda.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi tibbiyot muassasasidan ayol shifokorning sochidan tortib, sudrab chiqayotgani aks etgan videoyozuv tarqaldi. 

Aniqlanishicha, 2021 yilning 25 avgust kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Nursuh qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro M.S. tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limiga «homiladorlik 2, tug‘ruq 2, homiladorlikning 39 haftasi. Tug‘ruqning birinchi davri» tashxisi bilan qabul qilinib, 26 avgust kuni soat 16:00larda tirik, jinsi o‘g‘il, 3200 gramm vaznli, ammo og‘ir ahvoldagi chaqaloqni dunyoga keltirgan.

Tug‘ruqni akusher-ginekolog Yu.A. va shifokor-neonatolog H.N qabul qilgan. Dastlabki tibbiy tekshiruvlar natijasida bolada ona qornidalik davrida embrional rivojlanish va homila organlarining paydo bo‘lishi buzilgani va nuqsonli rivojlangani aniqlangan. Natijada go‘dak to‘liq rivojlanmagan organlar bilan tug‘ilgan. Qolaversa, chaqaloqda tug‘ma nuqsonlar kuzatilib, bolaning o‘pkasi 70 foizga rivojlanmagan.

Shu bois, chaqaloq zudlik bilan intensiv terapiya xonasiga o‘tkazilib, unga zarur reanimatsion yordam ko‘rsatilgan. Biroq bolaning o‘pkasi o‘z faoliyatini bajarmaganligi sababli unda og‘ir asfiksiya holati kuzatilgan. 

Afsuski, tibbiyot xodimlari tomonidan olib borilgan kerakli reanimatsion chora-tadbirlarga qaramasdan go‘dak 2021 yilning 27 avgust kuni soat chamasi 12:20da «O‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi» tashxisidan vafot etgan. Shundan so‘ng chaqaloq murdasi va tibbiy hujjatlar patalogoanatomik tekshiruvga yuborilgan.