Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdi. Bu yerda biryo‘la ikkita zavod - azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalarining ochilish marosimi bo‘ldi.

«Kimyo sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotida asosiy drayverlardan biriga aylanmoqda. Ilgari bu tarmoq asosan qishloq xo‘jaligi uchun mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarib, bunday mahsulotlarning ulushi sohada qariyb 80 foizni tashkil etardi. Bugungi kunda zamonaviy polimerlar ishlab chiqarilayotgani hisobidan mineral o‘g‘itlar ulushi 10 foizga qisqardi, boshqa sohalar uchun tayyorlanayotgan mahsulotlar hajmi esa 6 marta oshdi.

Keyingi besh yilda «O‘zkimyosanoat» tizimida tovar mahsulotlari hajmi 4 marta oshdi, kimyoviy mahsulotlar eksporti 250 million dollarga yetmoqda.

Bunda «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatining o‘rni juda katta. Bu yerda mamlakatimiz kimyo sanoati mahsulotlarining qariyb yarmi ishlab chiqariladi, 9 mingga yaqin muhandis, texnolog va mohir ishchilar mehnat qiladi.

Yangi ishga tushirilgan azot kislotasi hamda ammiak va karbamid korxonalari soha rivojiga qo‘shimcha sur'at beradi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyihalar «Navoiyazot»da mahsulot ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirib, bu ko‘rsatkichni yillik 150 million dollardan 410 million dollargacha olib chiqadi.

O‘zbekistonga birinchi marta olib kelingan, eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu zamonaviy majmualar 60 yil avvalgi eski quvvatlar o‘rnini to‘liq egallaydi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Birinchi korxonada yiliga 660 ming tonna ammiak va 578 ming tonna karbamid ishlab chiqarilishi, bunda, bir tonna ammiak ishlab chiqarish uchun energiya sarfi 2,5 marta kamayishi qayd etilgan.

Ikkinchi korxonada esa yiliga 500 ming tonna azot kislotasi ishlab chiqarilib, elektr energiyasi sarfi 18 marta qisqaradi.

Bu ikki loyiha evaziga ishlab chiqarilayotgan azotli o‘g‘itning tannarxi 30 foizga pasayadi.

«Bu raqamlarning ortida korxonaning minglab mehnatsevar, fidoiy ishchilari, yuqori malakali mutaxassislarning mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli mehnati mujassam», dedi Shavkat Mirziyoyev. Va ularga minnatdorlik bildirdi.