Harakat yetakchisi, bir necha marta OAVda o‘limi haqida xabarlar tarqalgan Mavlaviy Haybatulloh Oxundzoda Afg‘oniston Islom Amirligining Oliy yetakchisi va davlat rahbari bo‘ldi.

Mamlakat bosh vazirligi Muhammad Hasan Oxundga yuklangan, u bunga qadar Pokistondagi «Kvetta kengashi» rahbari edi. U nafaqat Afg‘onistondagi urush faxriysi, balki BMTning terrorchilar ro‘yxatida bo‘lgan, unga personal sanksiyalar qo‘llangan.

Dohadagi vakolatxonaga rahbarlik qilib kelgan, AQSh va boshqa mamlakatlar bilan tinchlik muzokaralari o‘tkazgan mulla Abdulg‘ani Birodar uning o‘rinbosari bo‘ladi.

Mulla Abdulg‘ani Birodar (o‘rtada)

Hukumat rahbarining ikkinchi o‘rinbosari lavozimini Abdulsalom Hanafiy egallagan, Amir Xon Muttaqiy Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaradi, vazir bo‘lishi kutilgan Sher Muhammad-og‘a Stanikzay esa uning o‘rinbosari lavozimini egallaydi.

Mulla Ahmad-jon Ahmadiy administratsiya rahbarligiga tayinlangan.

Kutilganidek, harakat asoschisi Mulla Umarning o‘g‘li Mulla Yoqub Mudofaa vaziri, Muhammad Fadl Oxund uning o‘rinbosari bo‘ldi.

«Haqqoniy tarmog‘i» yetakchisi Sirojiddin Haqqoniy Ichki ishlar vaziri bo‘lgan, Mavlaviy Jalol uning birinchi o‘rinbosari, mulla Abdul Haq esa giyohvand moddalarga qarshi kurash bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. Sirojiddin Haqqoniy tarmoq asoschisi Jaloliddin Haqqoniyning o‘g‘li bo‘lib, NATO va Amerika harbiylariga nisbatan qator teraktlarni rejalashtirish va tashkillashtirishda ishtirok etgan, 2008 yilda o‘sha vaqtdagi prezident Hamid Karzayga suiqasd uyushtirgan, amerikaliklar uning boshi uchun 5 mln dollar mukofot e'lon qilgan.

Vashington, Moskva va Anqara toliblarning hukumatini tan olishga shoshilmasligini va voqealar rivojini kuzatishlarini ma'lum qildi. AQSh toliblar mamlakatda qolgan amerikaliklar va boshqa G‘arb davlatlari fuqarolarining, ketishni istayotgan afg‘onlarning erkin chiqib ketishi ta'minlanishini ham kutmoqda.

Qolgan lavozimlar:

  • Madaniyat va axborot vazirligi rahbari - mulla Xayrulla Xayrxoh, uning o‘rinbosari - Zabihulla Mujohid;
  • Razvedka boshqarmasi rahbari - mulla Abdulhak Vosiq, uning o‘rinbosari - mulla Toj Mir Javod, ma'muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosar - mulla Rahmatulla Najib;