Barcha qit'alarda milliy jamoalar 2022 yilgi Qatar maydonlarida o‘tadigan jahon chempionati saralash bellashuvlarini o‘tkazmoqdalar. Sentabr oyining dastlabki o‘n kunligida o‘tgan milliy jamoalar o‘rtasidagi bahslardan keyin Tribuna.uz saralashdagi 10 voqeani saraladi.
1. Ronaldu - milliy jamoalar tarixidagi eng zo‘r to‘purar
Yevropa Chempionlar ligasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar, «Real» tarixidagi eng yaxshi to‘purar, Yevropa chempionatlarining eng yaxshi to‘purari, milliy jamoa safida eng ko‘p gol urgan futbolchi… Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.
Irlandiyaga qarshi bahsdagi dubl orqali portugaliyalik yulduz Ali Dayining uzoq yillik rekordini yangiladi. Ushbu natijasi Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi va bu haftaning eng katta voqealaridan biriga aylandi.

2. Yengilmas Italiya
Italyanlar mag‘lubiyatsiz seriya bo‘yicha rekordni yangilash barobarida Yevropa chempionatini ham yutishga erishdi. Shveytsariyaga qarshi uchrashuvdagi 0:0 hisobi orqali rekord rasman yangilandi. 1993-1996 yillar mobaynida Braziliya, 2007-2009 yillar mobaynida Ispaniya 35tadan uchrashuvda mag‘lubiyatsiz o‘ynab, rekordni bo‘lishib turishgandi.
Shveytsarlarga qarshi bellashuvda Manchini va Italiya muxlislarini xursand qilgan yagona jihat tarixiy rekordning yangilangani bo‘lsa kerak. Jorjinoning penaltidan foydalana olmagani va hujumdagi samaradorlikning nihoyatda pastligi «Skuadro Adzurra» ishqibozlarini xavotirga qo‘ygani aniq.
Bolgariyaga qarshi o‘yindagi durang (1:1) orqali Roberto Manchini Italiya milliy jamoasi murabbiylari orasida eng ko‘p uy uchrashuvlarida mag‘lubiyatsiz seriya (18ta) qayd etgan mutaxassisga aylandi. Bundan avvalgi rekord Marchelo Lippiga tegishli edi (17ta).

3. Braziliya - Argentina bahsidagi mojaro
Jahon chempionati saralashining Janubiy Amerika mintaqasidagi bosqichi 6-turi doirasidagi Braziliya - Argentina bahsida mojaro yuzaga keldi. Gap shundaki, Braziliyadagi karantin talablariga ko‘ra Britaniyadan kelganlar 14 kun karantinda bo‘lishi kerak edi, ammo 4 nafar APLda o‘ynovchi argentinaliklar (Martines, Romero, Lo Chelso va Buendia) maydonga tushgan.
Shu sabab Braziliya politsiyasi o‘yin vaqtida stadionga tushib kelib, 4 nafar argentinalik futbolchini maydondan olib chiqib ketishga urindi. Oqibatda Argentina milliy jamoasining boshqa futbolchilari ham maydonni tark etdi. Shu tariqa o‘yin qoldirildi.





















