Toshkentdagi International Hotel mehmonxonasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT)ning OAV erkinligi bo‘yicha tashkil etilgan Markaziy Osiyo media konferensiyasi gibrid formatda o‘tkazilmoqda. 23-marta bo‘lib o‘tayotgan tadbirda qator mavzular bilan birga mintaqadagi OAV erkinligi tahlil qilinadi.
Bu yilgi anjumanda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, shuningdek, Mo‘g‘uliston hukumat idoralari, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik faollaridan tarkib topgan 100ga yaqin ishtirokchilar dolzarb mavzular bo‘yicha fikr va tajriba almashmoqda.
Mazkur tadbirda O‘zbekistonda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etmoqda. U o‘z so‘zida o‘tgan davrda mamlakatda so‘z erkinligi shakllantirishda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Mirziyoyevaga ko‘ra, faktlarni tekshirish, ya'ni faktcheking, o‘z vaqtida haqiqatga mos xabarlar berilishi, muammolarni yoritish, davlatning qo‘llab-quvvatloviga muhtoj bo‘lmaslik – o‘tgan 5 yilda ommaviy axborot vositalarida ko‘zga tashlangan ijobiy natijalardir.
“O‘zbekiston ochiq ma'lumotlar manbalari bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida TOP-5likdan o‘rin olgan. Open Data Inception ma'lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich borasida biz AQSh, Ispaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya bilan bir safdamiz. Davlat xaridlari haqida to‘liq ochiq ma'lumot mavjudligi ba'zida anchagina jiddiy muhokamalarni keltirib chiqarmoqda.
So‘z erkinligi sababli mamlakatimiz qanchalik o‘zgarayotganini ko‘rib turibmiz. Asosiy erishgan natijalarimizdan biri – bu fuqarolarning mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotida ishtirokidir. Odamlar davlat boshqaruvini baholamoqda va tanqidiy qarashlarini qo‘rqmasdan bayon etmoqda. Barqaror fuqarolik jamiyati shakllanmoqda”, – dedi Saida Mirziyoyeva.

Mass-media fondi raisining o‘rinbosariga ko‘ra, O‘zbekistonning bu kabi konferensiyalardagi ishtiroki ham so‘z erkinligiga erishishning eng birinchi bosqichi – senzura hamda o‘z-o‘zini senzuralash ortda qolganining yorqin dalilidir.
“Shu bilan birga, hozirda jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan illatlar: nafrat tuyg‘usini yoyish, soxta xabarlar berish, insonlarni o‘zaro tarqoq holga keltirish, zo‘ravonlikni targ‘ib qilish va yolg‘on xabarlar tarqatish kabi masalalar bizning ham muammolarimizdir. Shubhasiz, biz o‘zaro xabardor bo‘lgan holda ushbu vazifalarni hal etish uchun barcha choralarni ko‘rishimiz kerak. Bu zamonaviy yechim va keskin qaror talab qiladigan yangi chaqiriqdir.















