2996 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan 11 sentabr voqealari AQSh hududida sodir etilgan eng yirik terrorchilik hujumlari bo‘lib, uning oqibatlari haligacha yo‘qolgani yo‘q.

Aynan shu hujumdan keyin AQSh «terrorga qarshi urush» boshladi hamda Afg‘oniston va Iroqqa bostirib kirildi.

Amerikaliklarning butun bir avlodi, nafaqat ular, balki butun dunyodagilar o‘sha kuni hujumlar haqida eshitganida qayerda va nima qilayotgan bo‘lganini aniq eslashadi.

BBC dunyoni o‘zgartirgan o‘sha tongdagi 149 daqiqa davomida sodir bo‘lgan voqealar ketma-ketligini keltirdi.

07:59

11 American Airlines (AA11) reysi Bostondagi Logan xalqaro aeroportidan Los-Anjyelesga uchadi. Bortda uchuvchi, ikkinchi uchuvchi va to‘qqiz nafar bort kuzatuvchilari bor edi.

81 yo‘lovchidan besh nafari misrlik Muhammad Atto boshchiligidagi samolyotni garovga olgan terrorchilar edi.

Parvozning ilk daqiqalaridayoq hujum rejasi amalga oshirilishi boshlanadi.

Bu reja besh yil muqaddam Afg‘onistonda, «Al-Qoida» bazasida ishlab chiqilgandi.

G‘oya pokistonlik jangari Xolid Shayx Muhammadga tegishli bo‘lgan. Uning boshiga jangarilarni uchuvchilikka o‘rgatib, ular egallab olgan samolyotni boshqariluvchi raketaga aylantirish fikri kelib qolgandi.

Xolid Shayx Muhammad va «Al-Qoida» yetakchisi Usama bin Lodin - 11 sentabr teraktlari ilhomchilari

Reja «Al-Qoida» rahbari, saudiyalik millioner, 90-yillardayoq Amerika maxsus xizmatlari e'tiboriga tushgan va teraktlardan keyin jahonning birinchi raqamli terrorchisiga aylangan Usama bin Lodin tomonidan ma'qullanadi.

08:14

Bostondagi aeroportning boshqa terminalidan Los-Anjyelesga 175 United Airlines (UA175) reysi bortdagi 56 yo‘lovchi hamda ekipajning 9 a'zosi bilan uchishni boshlaydi.