Amerikaning Jorj Vashington universiteti qoshidagi «Milliy xavfsizlik arxivi» nodavlat tashkiloti o‘z saytida Vladimir Putinning 2001, 2005 va 2008 yillarda AQSh prezidenti Jorj Bush bilan o‘tkazgan muzokaralarining maxfiylikdan chiqarilgan stenogrammalarini e’lon qildi. Hujjatlarga ko‘ra, Kreml rahbari Bush bilan birinchi uchrashuvdayoq Rossiya «minglab kilometrlik hududlarni o‘z ixtiyori bilan berib yuborgani»dan noligan va NATOning kengayishiga e’tiroz bildirgan.

«Milliy xavfsizlik arxivi» Amerika axborot erkinligi to‘g‘risidagi qonuni asosida sudga bergan da’vo natijasida rasshifrovkalar oshkor etilgan.

Birinchi hujjat Putin va Bushning 2001 yil 16 iyunda Sloveniya poytaxti Lyublyanadagi Brdo qal’asida o‘tkazgan yuzma-yuz uchrashuviga oid.

Jorj Bush 2000 yilda AQShning 43-prezidenti etib saylangan va 2001 yil yanvar oyida qasamyod qilgan. O‘sha paytda Putin ham yangi prezident edi: u 2000 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozongan.

Birinchi uchrashuv: do‘stona ohang va «berib yuborilgan hududlar» bo‘yicha shikoyatlar

Rasshirovkaga ko‘ra, ikkala yetakchi ham bir-biriga juda do‘stona munosabatda bo‘lgan hamda Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarni saqlab qolish niyatini namoyish etgan.

Uchrashuv boshida Bush Putinni Texasdagi ranchosiga taklif qiladi, unga «Rossiyaning rolini kamaytirmoqchi emasligi»ni aytadi va uni «kuchli Rossiya Amerika manfaatlariga mos kelishi»ga ishontiradi.

Bunga javoban Rossiya rahbari munosabatlarda rostgo‘y bo‘lishga chaqiradi va shunday deydi: «Men Rossiyada katta nufuzga egaman – va men sizga buning sababini ayta olaman: chunki men odamlarni tinglayman».

«Rossiya xalqi keng ko‘lamli o‘zgarishlar ularga pand berganini his qilmoqda, qaysiki, bu o‘zgarishlar ularga ko‘proq erkinlik berdi, biroq undan foydalanib bo‘lmayapti», – deya qo‘shimcha qiladi Putin.

Putinning Bush bilan birinchi yuzma-yuz uchrashuvi juda do‘stona kechgan, ammo Rossiya prezidenti o‘shandayoq hududlar masalasi haqida gapirgandi. Foto: AFP via Getty Images

Kreml rahbari shundan so‘ng darhol to‘satdan tarix va hududlar masalasiga o‘tgan.

Rasshifrovkadan ma’lum bo‘lishicha, bu uni prezidentligining dastlabki yillaridayoq qattiq tashvishga solgan. G‘arb nashrlari bir necha bor yozganidek, Putin g‘arblik hamkorlar bilan keyingi muzokaralar chog‘ida, jumladan, Ukrainadagi urush masalasida ham tarix haqida batafsil gapirgan va shu tariqa o‘z harakatlarini oqlashga harakat qilgan.