Yodingizda bo‘lsa Toshkent shahar hokimligi tadbirkorga o‘z vaqtida 1 mln dollar bo‘lgan mulk uchun tovon pulini to‘lamayotgani haqida maqola e'lon qilgan edik. Unda “Tulpor savdo uyi” MChJga tegishli 55 sotix yer maydoni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgani va 2035 kv.m. maydon bo‘lgan binosi kompensatsiya va yer maydoni keyinchalik berishga doir og‘zaki va'dalar bilan 2011 yilda buzib tashlangani, o‘rniga 15 sotix bo‘sh yerdan bo‘lak hech vaqo berilmagani aytilgandi.
Toshkent shahar iqtisodiy sudi kassatsiya instansiyasining qarori bilan tadbirkorga 2 mlrd 21 mln so‘m tovon to‘lash bo‘yicha ijro varaqasi shu yilning 1 fevralidan beri ijro etilmay kelayotgani ma'lum qilingandi.
Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan hujjatga ko‘ra, hokimlik tomonidan tovon puli to‘lashda “ikki xil” standartga yo‘l qo‘yilayotgan bo‘lishi mumkin. 2021 yil 11 avgust kuni Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari X.Shakirov raisligida bo‘lib o‘tgan Toshkent shahar hududiy kuzatuv kengashi yig‘ilishida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armadan mablag‘ ajratish masalasi ko‘rib chiqilgan.

Unda 17ta tadbirkorlik sub'yekti va jismoniy shaxslardan kelib tushgan ariza ko‘rib chiqilib, yig‘ilish natijasi bo‘yicha 15ta tadbirkorlik sub'yekti va jismoniy shaxslarga jami 8 mlrd 571 mln so‘m tovon puli to‘lash bo‘yicha Toshkent shahar hokimi qarori loyihasini ishlab chiqish haqida xulosa qilingan.



Ushbu hujjatga ilova qilingan ma'lumotnomada Kun.uz o‘rgangan ishga o‘xshash holat ko‘zga tashlanadi. Ya'ni, bu firmaning ham ko‘chmas mulki buzilgan, yer maydoni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan. Kompensatsiya qisman qanoatlantirilgan. Bu firma sudga murojaat qilmagan bo‘lsa-da, Hududiy kuzatuv kengashi mazkur MChJga oradagi tafovut – 1 mlrd 715 mln so‘mni tovon puli sifatida to‘lashga qaror qiladi.


















