USM Telecom («YueSeM Telekom») va MegaFon o‘zbekistonlik sheriklari bilan birgalikda Digital Holding qo‘shma korxonasini tuzish bosqichini yakunlashdi.

«29 sentabr kuni USM Telecom va MegaFon o‘zbekistonlik sheriklari bilan birgalikda Digital Holding qo‘shma korxonasinining tuzish bosqichini yakunlashdi. O‘zbekiston davlat aktivlarini boshqarish agentligida qo‘shma korxona tuzish bo‘yicha yakuniy hujjatlar to‘plami imzolandi. Digital Holding kompaniyasiga ilgari Ucell bosh direktori lavozimini egallagan Vladimir Kravchenko rahbarlik qiladi.

Digital Holding Markaziy Osiyodagi eng yirik telekommunikatsiya bozorida texnologik yetakchiga aylanishni maqsad qilgan. Kompaniyaning faoliyati O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va sifatini yaxshilashga, xususan xalqaro standartlarga mos raqamli infratuzilmani shakllantirish, shuningdek ma'lumotlarini saqlash va qayta ishlash, raqamli markirovka va alohida turdagi tovarlar harakatini nazorat qilishda ilg‘or texnologiyalar va tizimlarini joriy etishga qaratilgan bo‘ladi», deya xabar berdi Ucell matbuot xizmati Kun.uz’ga.

Qo‘shma korxona Ucell aloqa operatorining 100 foiz ustav kapitali, USM shu'ba korxonalari — CRPT Turon va ICS Holding Uzbekistan’ni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Rossiya tomoni Digital Holding kompaniyasini rivojlantirish uchun 100 million dollar sarmoya kiritadi. Qo‘shma korxonaning 51 foiz ulushi MegaFon va USM Telecom’ning qo‘shma korxonasi hisoblangan «Digital Invest»ga, 49 foizi esa O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli bo‘ladi.

Ucell (COSCOM MChJ)ning yangi bosh direktori lavozimiga ilgari Rossiyada MegaFonning mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha direktori lavozimida ishlagan Andrey Shishkovskiy tayinlandi. ICS Holding Uzbekistan kompaniyasini Andrey Maygur boshqaradi. Anatoliy Bachikalov CRPT Turon bosh direktori lavozimini saqlab qoladi.

«Digital Holding» qo‘shma korxonasining yaratilishi «MegaFon» OAJ singari kuchli o‘yinchining bozorga kelishi ilg‘or texnologik yechimlar joriy etilishiga xizmat qiladi. Mamlakat rahbariyati tomonidan soha oldiga iqtisodiyot tarmoqlari raqamli transformatsiyasi, xususan, mobil aloqani kelgusida rivojlantirish bo‘yicha katta vazifalar qo‘yilgan.

Raqamli iqtisodiyot iqtisodiy o‘sishning asosiy boshqaruvchi kuchi sifatida belgilangan. Shuning uchun mobil aloqa va internet xizmatlari sifatini oshirish, elektron tijorat tizimlari, raqamli xizmatlar va dasturiy mahsulotlarni rivojlantirishni jadallashtirish ko‘zda tutilmoqda», deydi O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri maslahatchisi Olimjon Umarov.