O‘tgan oyda Kun.uz Andijon shahar 3-kichik dahadagi 5 ta ko‘p qavatli uy besh yildan beri tabiiy gazdan mosuvo ekani haqida tanqidiy maqola e'lon qilgandi.

Shuningdek, Jalaquduq tuman Oybuloq mahallasi aholisining elektr ta'minoti va ichimlik suvi muammosidan qiynalayotgani bu kamchiliklarga hokimiyat vakillari e'tibor bermayotgani “Jalaquduqdagi hokim oyog‘i yetmagan mahalla: kuchlanish 110 volt, ichimlik suvi «kachalka»da, tappi serob” sarlavhali maqolada yoritilgandi.

Ho‘sh, tanqidiy maqolalarimiz samara berdimi? Biz yana o‘sha hududlarga borib, mutasaddilar tanqiddan qanday xulosa chiqargani bilan tanishdik.

“Hokimiyat gaz quvuri tortdi, uylarimizni ham ta'mirlab berdi”

Andijon shahar O‘rikzor mahallasidagi 3-kichik daha 40, 21, 21 “A” va 44-uylarda mavjud tabiiy gaz ta'minoti muammosi ijobiy yakun topibdi.

“Maqola internet nashrida chiqqanidan so‘ng beshta ko‘pqavatli uylarimizga viloyat va shahar hokimligi,“Hududgaz” va “Hududiy elektr tarmoqlari” idoralari xodimlari kelishdi. Aholidan pul yig‘ilmay, gaz idorasi tomonidan 800 metr gaz quvuri tortildi.

Quvonarli tomoni, hokimlik uylarimizning fasadini ta'mirlab, tomimizni ham to‘g‘rilab beryapti. “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi qish oldidan barcha elektr kabellarini yangilab, transformatorlarni ko‘rikdan o‘tkazdi.

Men, to‘g‘risi, O‘zbekistonda muammolarni matbuot orqali ko‘tarib chiqib hal qila olish imkoniyati borligidan, erkin fikr aytish huquqim borligidan xursand bo‘ldim”, – deydi Svetlana Akobjanova.