Jamiyat | 17:44 / 07.10.2021
9156
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda Labo kichik yuk tashish mashinasiga 16 nafar odamni ortib ketayotgan haydovchiga chora ko‘rildi

Foto: Videodan kadr

Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida kichik yuk tashish mashinasiga 16 nafar odamni ortib ketayotgan haydovchiga chora ko‘rilgan. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 6 oktabr kuni soat 9:30 larda viloyat IIB YHXB xodimlari xizmat vazifasini bajarayotib davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-103 avtomobil yo‘lining Qiziriq tumani hududidan o‘tgan 21-kilometrida qoidalarga zid ravishda odam tashiyotgan Labo kichik yuk mashinasini to‘xtatgan.

Shundan so‘ng Sherobod tumani Seplon mahallasida yashovchi haydovchi F.X. boshqaruvida bo‘lgan mazkur mashinaning yuk ortish joyida o‘tirib ketayotgan fuqarolar sanalganda, ularning soni 16 nafar ekani ayon bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mazkur haydovchiga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyul oyida Jarqo‘rg‘on tumanida yuk tashishga moslashtirilgan «Volga» yengil mashinasida 21 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan haydovchiga chora ko‘rilgandi.

Mavzuga oid