Jahon | 08:10 / 12.10.2021
8908
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili Gruziya bosh vaziriga uni hokimiyatdan chetlatish bilan po‘pisa qildi

Foto: Georgian Interior Ministry Press Service/AP

Gruziyaning sobiq prezidenti, hozirda Rustavi shahridagi turmada panjara ortida ushlab turilgan Mixail Saakashvili Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili va hokimiyatning boshqa vakillariga ularni iste'foga chiqarish bilan po‘pisa qildi. U turmadan turib o‘z tarafdorlariga shu mazmundagi maktubni yo‘llagan.

Maktubda sobiq prezident o‘zi asos solgan “Yagona milliy harakat” partiyasi raisi Nikanor Meliya va gruzin xalqi bilan birga Garibashvilini hukumatdan “haydab chiqarishga” va'da bergan.

“Aynan men va Meliya Gruziya xalqi bilan birga Garibashvilini hukumatdan haydab chiqaramiz”, deb po‘pisa qilgan Saakashvili.

“Yagona milliy harakat” yetakchilaridan biri, sobiq prezidentning murojaatini uning tarafdorlariga yetkazgan Eka Xerxeulidzening ta'kidlashicha, Saakashvili Gruziya bosh vaziri uning ochlik e'lon qilganiga shubha bildirganidan darg‘azab bo‘lgan.

“Ochlik e'lon qilganlar kuniga yarim kilolab asal yemaydi”, deb aytgan Garibashvili.  

Saakashvili vataniga qaytgach, 1 oktyabrda hibsga olingandan keyin ochlik e'lon qilgandi. Sobiq prezident o‘zi va u deb hibsga olingan odamlar ozod qilinmagunga qadar ochlikni davom ettirishini aytgan.

Mavzuga oid