O‘tgan haftada qurbon bo‘lgan oilaning qarindoshlari Amerika hukumati shu vaqtga qadar ular bilan bog‘lanmagani (ulardan uzr so‘rash va kompensatsiya masalasini muhokama qilish uchun) haqida shikoyat qilishgandi.

Juma kuni AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari Kolin Kal Nutrition and Education International xayriya fondi rahbari Stiven Kvon bilan uchrashuvda tovon puli bo‘yicha taklif bergan.

O‘ldirilganlardan Zamaray Ahmadiy shu tashkilotda ishlardi. Portlash vaqtida halok bo‘lgan yana bir kishi Ahmad Nosir amerikalik harbiylarga tarjimon sifatida xizmat qilgan.

Pentagondagilar qurbonlarning qarindoshlarini Amerikaga olib kelish borasida ham ish olib borilayotganini ma'lum qilgan.

AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari yana bir bor 29 avgust kuni dron orqali yo‘llangan zarba xatolik bo‘lgani, qurbonlarning IShIDga aloqasi bo‘lmagani va amerikalik harbiylarga tahdid solmaganini tan olgan.

O‘lganlardan biri gumanitar tashkilot xodimining ikki yoshli qizi Sumayya edi

Avvaliga amerikalik harbiylar dron zarbasi orqali IShID terrorchilari Kobul aeroporti yaqinida yana bir terakt sodir etish uchun tayyorlagan portlovchi qurilmalar ortilgan avtomobil yo‘q qilingani haqida ma'lum qilishgandi.

Bunga qadar jangarilar aeroport oldida yirik terakt sodir etishgan: o‘shanda terrorchi xudkush o‘zini portlatishi oqibatida 170 nafar afg‘onistonlik va AQSh dengiz piyodalaridan 13 nafari halok bo‘lgandi.

O‘shanda hokimiyat «Tolibon» qo‘liga o‘tishi tufayli mamlakatni tark etishni istagan minglab afg‘onlar va xorij davlatlari fuqarolari Kobul aeroportida to‘plangandi.

Amerikalik harbiylar avvalroq ham Zamarayning mashinasiga berilgan zarba xatolik bo‘lganini tan olishgandi.

General Kennet Makkenzi sentyabr oyida jurnalistlarga razvedka o‘sha avtomobilni sakkiz soat davomida kuzatgani, uni dastlab amerikaliklar IShID tarafdorlari o‘rnashgan joy deb hisoblagan mahallada ko‘rishgani haqida aytib bergandi.

Keyin avtomobil aeroport tomon harakatlangan. Qaysidir pallada razvedkachi dron kamerasi avtomobil yukxonasiga nimadir ortayotganini ko‘rsatgan, amerikaliklar buni portlovchi moddalar deb hisoblashgan. Keyinroq bu yuk ichimlik suvi solingan kanistrlar bo‘lgani ma'lum bo‘ldi.

General Makkenzi fojiali xatolik deb atagan aviazarba Zamaray Ahmadiy mashinasini aeroportdan uch kilometr masofadagi o‘z uyi oldiga qo‘yib ichkariga kirganida berilgan.