«Olaqarg‘alar» kapital qiymati 430 milliard dollar bo‘lgan dunyodagi eng yirik fondlardan biri boshqaruviga o‘tdi. Hozirda APL turnir jadvalida oxirgi pog‘onalarda sang‘ib yurgan «Nyukasl» boshiga qanday omad qushi qo‘nganini tasavvur qildingiz-a? Ammo bu Angliyaning o‘z an'anasiga ega o‘rtamiyonasi bir yumalab katta jamoaga aylanib qolganini anglatmaydi.

Bu qopga solib qo‘yilgan pullar emas

«Nyukasl» Saudiya fondi tomonidan sotib olingach, ko‘pchilik fondning pullarini hisoblab ketdi. Masalan, «Manchester Siti» dunyoning eng boy klubi bo‘lsa, uning xo‘jayini Shayx Mansurning boyligi 20 milliard dollar. «PSJ» xo‘jayini Nosir al-Xelayfining puli «atigi» 8 milliard dollar. «Nyukasl» boshqaruvini qo‘liga olgan fond esa 430 milliard dollarga baholanadi. Ammo bu «Nyukasl»ni «Siti»dan 20 baravar badavlat klubga aylantirib qo‘ymaydi. 430 milliard dollarga baholangan fond faqat «Nyukasl»ga futbolchi olib berish bilan shug‘ullanmaydi, butun dunyodagi futbolchilar ham buncha turmasa kerak aslida.

Shuningdek, 430 milliard dollar degani xuddi shuncha miqdordagi Benjamin Fraklin tasviri tushirilgan kupyuralarga to‘la qoplar saudiyaliklar omborida saqlanayotganini anglatmaydi. Fondning bor-budi, binolari, aktivlari, qiymati shunchaga baholangan. Uning asosiy vazifasi Saudiyani neftga bog‘lanib qolishdan qutqarish ekani inobatga olinsa, «Nyukasl»ga bu pulning juda kam qismi tegishini anglash mumkin.

Yuqoridagi ma'lumotlar O‘zbekistondagi «Nyukasl» muxlislarining pul miqdorini eshitib, yuragi yomon bo‘lib qolmasligi uchun edi. Aslida esa Alan Shirerning sobiq klubi aql bovar qilmas katta pulga ega fond boshqaruviga o‘tgani bor gap. Lekin bu muvaffaqiyat kaliti ham emas.

An'analar milliardlar bilan to‘qnashuvi

Angliyaning o‘z an'analariga ega bo‘lgan klubi «Nyukasl» o‘z tarixida 4 marta Angliya chempioni bo‘lgan. Oxirgi marta 1927 yilda. Klubning oxirgi muvaffaqiyatli davri sifatida Alan Shirer o‘ynagan yillar eslanadi. 1995-96 yilgi mavsumda Kevin Kigan bilan, keyingi mavsumda esa Kenni Dalglish bilan «olaqarg‘alar» APLda ikkinchi o‘rinni egallashadi. Dalglish murabbiyligidagi tugagan mavsumning yarmigacha ham jamoani Kigan boshqargandi. Albatta, u davrlarda jamoaning asosiy yulduzi Alan Shirer bo‘lgan. «Gol odam» laqabini olgan super Alan bilan «Nyukasl» keyinroq Bobbi Robbson murabbiyligida YeChLda ham o‘ynagan.

Shu-shu, «Nyukasl»da kichik porlashlar bo‘lib turadi, Bellami, Kerrol, Ba kabi yulduzlar porlab qoladi, ammo umumiy planda olganda jamoa oldinga qarab siljiyotgani yo‘q. Aksincha oxirgi yillarda pasayish bo‘ldi, jamoa hatto APLdan tushib ham ketdi. Bu esa 2008 yildan buyon klubning egasi hisoblanadigan Mayk Eshliga nisbatan muxlislarning «mehrini oshirdi». Muxlislar bir necha yildan buyon uning ketishini talab qilishadi. Saudiyaliklar savdoni pishirganda, ular avvalo Eshlidan qutulganlariga bayram qilishdi, keyinchalik arab pullaridan mast bo‘lishni boshlab yuborishdi.