
Andijon viloyati Paxtaobod tumanida tez tibbiy yordam vrachi bemorning mast qarindoshi tomonidan kaltaklandi.
Bu haqdagi xabarni Kun.uz'ga jabrlanuvchining hamkasblari yetkazdi. Biz aziyat chekkan shifokor Shohruxbek Zokirov davolanayotgan Andijon tibbiyot instituti klinikasiga bordik.

Shohruxbek og‘ir musht yo tepkilardan burni singan, yuzi momataloq. Vrachlarga ko‘ra, orqa miyasi chayqalgan. U ruhan ezilgan bo‘lib, bu holat uning xasta ovozidan sezilib turibdi. Shifokor hozir klinikaning otorinolaringologiya kafedrasida davolanmoqda.



Bemorning mast qarindoshi tomonidan kaltaklangan Shohruxbek Zokirov 2019 yildan beri Paxtaobod tumanining chekka hududi bo‘lgan Madaniyat qishlog‘idagi tez tibbiy yordam shoxobchasida ishlaydi. U 16 oktabr kuni shoxobchaga navbatchilik uchun keladi. Tungi chaqiruvga boshqa bir vrach Nodirbek Ahmedov boshchiligidagi tez yordam guruhi chiqib ketgach, o‘sha chaqiruv bo‘lgan xonadon egasi tez yordam mashinasi yetib bormasdan o‘z avtomashinasida onasini shoxobchaga olib kelgan.

“Kasal ayolning o‘g‘li shoxobchaga kira solib, baqira ketdi. Undan spirtli ichimlik hidi kelib turardi. Men onaxonni qabul qilib, qon bosimini o‘lchadim, yuragini eshitdim va kerakli muolajani qildim. Ayol asabiylashgan va shuning ta'sirida qon bosimi biroz ko‘tarilgan ekan. Ukollar ta'sir qilib bemor o‘ziga kela boshladi. Mast o‘g‘li shoxobcha ichida baqirib to‘polon qilib so‘kinib yurdi. U hammani bir-bir haqorat qilib, vrach Mahmud aka Dehqonovni yoqasidan olib bo‘g‘a boshladi. Men ajratgani bordim va ajratdim. Shundan so‘ng mast menga e'tibor qaratdi.
Yo‘lakdan ketayotganimda orqamdan kelib, yuzimga musht tushirdi va men yiqilganimda ko‘p marta zarbalar berdi. U yog‘iga nima bo‘lganini bilmayman. Ajratib qo‘yishdi. Keyin uchastka noziri keldi.
Men vrach akamning yoniga bordim. Klinikaga olib kelishdi. Singan burnimni repozitsiya(burunning singan suyaklarini joyiga keltirish) amaliyoti qilishdi. Miyam chayqalgan ekan. Davolanyapman. Ota-onam “Qaytib ishga bormaysan!” deyishdi. Bizda oxirgi paytlar bemorlarning yaqinlari mast holatda shifokorlarni haqorat qilish holatlari ko‘payib boryapti. Kecha IIB xodimi kelib ariza oldi”, – deydi Shohruxbek Zokirov.
















