«Moskvadagi vaziyat ham eng yomon ssenariy bo‘yicha rivojlanmoqda. Yaqin kunlarda biz kovid bilan kasallanishning tarixiy pik bosqichini zabt etamiz», deyiladi Moskva meri Sergey Sobyaninning bayonotida.

Bolalar bog‘chalari va maktablarda ta'til e'lon qilingan. Qo‘shimcha ta'lim tashkilotlari, sport maktablari, bolalar to‘garaklari va seksiyalar faoliyati to‘xtatilgan. Oliy ta'lim muassasalari faqat onlayn formatda darslarni davom ettiradi.

Sergey Sobyaninning bayonotiga ko‘ra, savdo markazlari, kinoteatrlar, hayvonot bog‘lari, sportzallar va go‘zallik salonlari yopiqligicha qoladi. Restoranlar faqat olib ketish va yetkazib berish xizmati bilan ishlashi mumkin.

Teatrlar va muzeylar mehmonlarni faqat QR-kodlar bo‘yicha qabul qilishi mumkin, o‘rindiqlarning faqat 50 foizini to‘ldirishga ruxsat etilgan.

Moskvada payshanba kuni koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 7897ta yangi holat qayd etilgan, bu ko‘rsatkich bir kun oldin 5847tani tashkil etgandi.

Rekordlar yangilanishi
Rossiyada so‘nggi bir kunda 1036 kishi koronavirus infeksiyasidan zararlanish oqibatida vafot etdi. Bu pandemiya boshidan buyon kunlik o‘lim holatlari bo‘yicha yangi rekord ko‘rsatkichdir. Rasmiy statistika bo‘yicha, pandemiya boshidan buyon Rossiyada kovid qurbonlari soni 227 389 kishini tashkil etmoqda.

21 oktabr tongida berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyada yana 36 339 kishida koviddan zararlanish holati aniqlangan. Bu ham kunlik o‘sish bo‘yicha pandemiya davridagi eng yuqori natijadir. Bir kun oldin rekord yana bir bor yangilangan va yangi holatlar 34 073tani tashkil etgandi. Mamlakatda shu vaqtgacha qayd etilgan jami kasallanish holatlari 8 131 164 taga yetgan.

Jami 7 091 607 kishi kasallikdan tuzalgan, so‘nggi bir kunda shifoxonalardan 25 895 bemorga javob berilgan.

20 oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin epidemiologik vaziyat og‘irlashgani tufayli 30 oktyabrdan 7 noyabrgacha mamlakatda ishlanmaydigan kunlar bo‘lishini e'lon qilgandi, bu muddat alohida regionlarda mahalliy hukumatlar qarori bilan uzaytirilishi ham mumkin.

Rossiyada koronavirus bilan kasallanish darajasi bahor oxirida delta shtammi tufayli ko‘tarila boshladi va sentabr oyiga kelib kuniga 20 mingdan oshiq holatlar qayd etildi. Oktabr oyida esa bu ko‘rsatkich 30 minglik nuqtadan o‘tdi va har kuni maksimum yangilanmoqda.