«Bugun - 24 oktabr soat 08.00 da O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovi boshlandi. Saylov 2021 yil 8 fevralda saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga binoan ilk bor oktabr oyida o‘tkazilmoqda.

Ertalab soat 8:00da mamlakatimizda tashkil etilgan 10 ming 761 ta saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi va saylovchilar ovoz berishga kirishdi.

Joriy yilning 14 oktyabrdan 20 oktyabrgacha o‘tkazilgan muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan 421 ming 618 nafar saylovchi foydalandi.

Barcha saylov uchastkalarida pandemiya sharoitida aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, saylovchilar va saylov tashkilotchilarining xavfsizligini ta'minlash uchun zarur sharoitlar yaratilgan.  

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 37 ta xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida tuzilgan 54 ta saylov uchastkalari, xususan, Sharq mamlakatlarida tashkil etilgan saylov uchastkalari ish boshladi.

Ayni paytda Markaziy saylov komissiyasi bilan barcha saylov okruglari va saylov uchastkalari o‘rtasida muntazam aloqa yo‘lga qo‘yilgan.

Ovoz berish birinchi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasining Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Tailand, Hindiston va Rossiyaning Uzoq Sharqdagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida boshlandi.

Joriy yildagi saylovda mamlakatimizda tashkil etilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga jami 19 million 859 ming 127 nafar saylovchi kiritilgan.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan 2021 yil 23 iyuldan 23 oktyabrga qadar, ya'ni saylov kampaniyasi davrida amalga oshirilgan tashviqot va targ‘ibot ishlari bo‘yicha monitoring olib bordi. Monitoring natijalariga ko‘ra, saylov kampaniyasi davrida siyosiy partiyalar tomonidan qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilmadi», dedi u.

Zayniddin Nizomxo‘jayev saylov qonunchiligi buzilishi holatlarini aniqlagudek bo‘lsa, sud, prokuratura organlari yoki mahalliy saylov komissiyalariga murojaat qilish mumkinligini ma'lum qilgan.