O‘zbekiston | 17:24 / 26.10.2021
13546
3 daqiqa o‘qiladi

1 yilda bitmagan muammo Kun.uz tanqididan so‘ng 1 haftaga bormay hal bo‘ldi

Koronavirusdan vafot etgan izboskanlik vrachning oilasiga prezident qarorida ko‘rsatilgan 250 mln so‘mlik to‘lov marhumning yaqinlariga naqd pulda to‘lab berildi.

2020 yili Andijon viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun safarbar qilingan vrach Abdunazar Abdug‘afforov bemorlar bilan ishlash davomida o‘zi koronavirus yuqtirib olib, vafot etgan, biroq uning oilasiga Prezident qarorida ko‘rsatilgan to‘lov shu paytgacha berilmayotgan edi.

Kun.uz bu haqda 13 oktyabr kuni maqola e'lon qilgan edi. Shu kuniyoq Sog‘liqni saqlash vazirligi holat nazoratga olinganini bildirdi.

21 oktabr kuni esa vazir Abduhakim Hojiboyev “Bir yo‘la beriladigan qo‘shimcha to‘lovni amalga oshirish haqida”gi 253-sonli buyruqqa imzo chekdi.

Buyruqda, koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda infeksiya yuqtirib vafot etgan RShTTYoIM Andijon filiali reanimatologi Abdunazar Abdug‘afforov oilasiga 250 million so‘m miqdoridagi bir yo‘la beriladigan bir martalik to‘lov to‘lab berish nazarda tutilgan edi.

Bugun, 26 oktabr kuni filial binosida 6 kishidan iborat boquvchisini yo‘qotgan Abdug‘afforovlar oilasiga 250 million so‘mlik bir martalik to‘lov naqd pul ko‘rinishida topshirildi.

Marhumning oila a'zolari ularning murojaati ijobiy yechim topishga yordam bergan Kun.uz sayti va Andijon viloyat Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.

“Kelinim hujjatlarni to‘plab bir yil davomida urindi. Andijon viloyat Bandlik bosh boshqarmasi xodimlari ko‘mak berib turishdi. So‘ng Kun.uz sayti ham murojaatimizni o‘rgandi. Oilamiz nomidan bizning holatimizni tushunib bir martalik to‘lovni berishda yordam bergan Sog‘liqni saqlash vazirligiga alohida minnatdorchilik bildiraman. Mablag‘ni Abdunazarning farzandlarini voyaga yetkazish uchun sarflaymiz”, – deydi marhumning otasi Abduqahhor Abdug‘afforov.

Ayni vaqtda marhumning yaqinlari to‘lovni undirishni so‘rab kiritgan da'vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rilmoqda. Navbatdagi sud majlisi 4 noyabrga belgilangan (da'vogar: Andijon viloyat Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi).

Shuningdek, sudda marhumning ishlab chiqarishda vafot etgani munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir martalik nafaqa (tovon puli) 476 million so‘m to‘lanishi, bundan tashqari, marhum 2020 oktyabrda vafot etganidan so‘ng shu kunga qadar uning oilasiga boquvchisini yo‘qotganligi uchun oyma-oy hisoblangan 56 million so‘m zarar pullarini undirish masalasi ham ko‘rilmoqda.

Sud natijasi haqida qo‘shimcha xabar qilinadi.

Mavzuga oid