O‘quvchilar sovuq sinf xonalarida ta'lim olishga majbur bo‘lishyapti.

Maktabning 2 ta o‘quv binosi bo‘lib, birining qurilganiga 45 yil, ikkinchisinikiga esa qariyb 55 yil bo‘lgan. Bu davrda maktab binosi bir necha marta joriy ta'mirlangan. 2021 yilda esa hududdagi ota-onalarning murojaati bilan maktab mukammal ta'mirlash uchun investitsiya dasturiga kiritilgan hamda buning uchun 4 mlrd so‘mdan ortiqroq mablag‘ ajratilgan.
Qurilish-ta'mirlash ishlari “Suxrob Mizrob Tillo” MChJ tomonidan aprel oyida boshlangan. Rejaga ko‘ra, maktab 15 avgustda foydalanishga topshirilishi kerak edi. Biroq qurilish firmasi tomonidan ishlar yakuniga yetkazilmay, chala holda tashlab qo‘yildi.
Ayni vaqtda maktabda na issiqlik tizimi ishlaydi, na ichimlik suvi bor. Ko‘plab sinf xonalari hamda sport zalda ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.




“Qurilish ishlari sifatsiz bajarildi, ko‘p joylari esa oxiriga yetkazilmadi, chala qolib ketdi. Bu borada bir necha marotaba viloyat va tuman hokimliklariga, boshqa tegishli organlarga murojaat qildik. Lekin murojaatlarimiz natijasiz qoldi, hech qanday munosabat bildirilmadi.
Hozir qurilish-ta'mirlash ishlari davom ettirilayotgani ham yo‘q, deyarli to‘xtab qolgan. Hademay qish keladi. Issiqlik tizimi ulanmagan, sinf xonalari sovuq. Sinf xonalarining ko‘pchiligi tayyor ham emas. Bajarilgan qurilish-ta'mirlash ishlarining ko‘pchiligi bugungi kun talabiga javob bermaydi”, – deydi maktab xodimi Isroil Xolboyev.

Maktabda qurilish ishlarini olib borgan “Suxrob Mizrob Tillo” MChJ ish yurituvchisi Ibod Hayitov ish o‘z vaqtida yakunlanmaganini belgilangan rejadan tashqari qo‘shimcha ishlar qo‘shilgani bilan izohladi.



















