Raqamli va jismoniy olam birlashadigan bo‘shliq
Tsukerberg yangi “Metaverse” deb nomlangan tarmoq qurishni reja qilayotgani haqida e'lon qildi. Buning uchun Yevropadan 10 000 ishchi yollashni boshlaganini ham ma'lum qilgan. Taxminlarga ko‘ra, metaverc – internetning kelajagi bo‘lishi mumkin. Tsukerberg Meta kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarini ham metavers bilan bog‘lashni maqsad qilgan. Metaversni aynan qanday tasavvur qilsak bo‘ladi? Bu insoniyatning jismoniy holatidan tashqaridagi olammi?

Mutaxassislar metaversni virtual reallikka o‘xshatmoqda, biroq undan ancha rivojlangan va mukammalroq bo‘ladi degan fikrda. VR orqali tasvirlarni 3D shaklda ko‘rish mumkin.
Metaverse atamasi ilk bor Nil Stayvensonning “Snow Crash” asarida ilmiy-fantastik kitobida haqiqiy dunyodan farq qilmaydigan raqamli olam sifatida tasvirlangan. “The Matrix” va “Ready Player One” kabi filmlarda ham metavers haqida taxminiy farazlar mavjud.
Metaversda o‘zingizni virtual shaklingizni yaratasiz
Hozir raqamli olamning barcha turlari bilan bog‘lanish kompyuter yordamida amalga oshayotgan bo‘lsa, metaversda bu ishni maxsus ko‘zoynak taqqan holda bajarish kerak bo‘ladi.

Virtual reallikdan farqi unda raqamli texnologiya bilan bog‘liq juda ko‘p sohalar, videokonferensiyalar, Minecraft, Roblox kabi o‘yinlar, kriptovalutalar, elektron pochta, VR, konsert, kino, musiqa, jonli efirlar, ijtimoiy tarmoqlar 3D shaklida birlashib ketgan bo‘ladi. Metaversni taxminan shunday tasavvur qilish mumkin: “Facebook yoki Microsoft team’da 3D avataringizni yaratasiz. Bu avatar yordamida virtual uchrashuvlarda qatnashasiz. Ishdan keyin sizning avataringiz, ya'ni virtual siz qandaydir konsertga borasiz. Konsert tugagach, sizga biror kiyimni xarid qilish topshiriladi va siz onlayn do‘kondan kriptovalutaga kiyim sotib olasiz. Va uni ertangi virtual ishingizga kiyib borasiz. Qizig‘i, bu kiyimni hamkasblaringizdan biri sizdan qarzga sotib olib, o‘zi xohlagan joyga kiyib borishi mumkin bo‘ladi”.
“2031 yilgacha barchamiz metavers deb ataladigan virtual tarmoqda yashaymiz”
Odatda virtual va kengaytirilgan olamlar haqidagi tasavvurlar ma'lum bir yillarda paydo bo‘lib, keyin ko‘pchilikning esidan chiqib ketgan. Bunday hodisa metavers bilan ham sodir bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. Biroq Tsukerbergning aytishicha, unda metaversni rivojlantirish bo‘yicha jiddiy rejalar bor. Jumladan, Facebook metaversda aloqada bo‘lish uchun yangi “aqlli” ko‘zoynaklar tayyorlash bo‘yicha ish boshlagan. Ish yakuniga yetsa, foydalanuvchilar asta-sekin smartfonlardan uzoqlashib, ko‘zoynaklarga o‘tadi. Tsukerberg 2031 yilga borib, barchamiz metavers deb ataladigan virtual tarmoqda ham yashab, ham ishlashni boshlaymiz, degan fikrda.










