O‘zbekiston | 14:56 / 30.10.2021
12007
3 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura Navoiy hokimligi bilan bog‘liq ishda 3ta qonunbuzilishini aniqladi. Bu keysni Antikorrupsiya agentligi inkor etgandi

Kun.uz surishtiruvidan so‘ng Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga ta'til va moddiy yordam berilmaydigan bo‘ldi. IIB probatsiya guruhi inspektori intizomiy javobgarlikka tortildi.

Kun.uz 1 mlrd so‘mdan ortiq budjet pullarini talon-toroj qilgani uchun sud hukmi bilan mansabdor bo‘lish huquqidan mahrum qilinib, axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgan Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yusuf Tursunov hokimlik tomonidan qo‘llanayotgani haqida surishtiruv e'lon qilgandi.

Mazkur maqola yuzasidan tekshirish harakatlari olib borgan Navoiy viloyat prokuraturasi o‘rganish yakunlariga oid ma'lumotlarni e'lon qildi.

Prokuratura munosabatida ta'kidlanishicha, Navoiy shahar hokimining 2021 yil 29 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, shahar hokimining 2021 yil 18 oktyabrdagi «Xodimlar to‘g‘risida»gi qarori o‘zgartirilgan. 

«Holat yuzasidan Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan olib borilgan tekshirish harakatlari davomida aniqlanishicha, shahar ichki ishlar organlari probatsiya guruhi katta inspektori U.Sh. tomonidan ajrim ijrosi o‘z vaqtida ta'minlanmasdan, oradan 10 kun o‘tib, joriy yilning 4 oktabr kuni Navoiy shahar hokimi nomiga shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yu.Tursunovni lavozimidan ozod qilish haqida xat tayyorlanib, pochta tarmog‘i orqali yuborilmasdan Yu.Tursunov orqali berib yuborilganligi natijasida xat ijro uchun shahar hokimligiga o‘z vaqtida yetib bormagan.

O‘rganish davomida, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan, mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan shahar ichki ishlar organlari probatsiya guruhi katta inspektori U.Sh.ga nisbatan Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 106-moddasi 3-bandiga ko‘ra, xodimni jazoga mahkum etgan sudning hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda, basharti buning natijasida xodim avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatidan mahrum etilgan bo‘lsa, mehnat shartnomasi taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha bekor qilinishi ko‘rsatilgan.

Navoiy shahar hokimining 29.10.2021 yildagi qaroriga ko‘ra, 18.10.2021 yildagi 154-5-79-Q/21-sonli qarorining Yu.Tursunovga mehnat ta'tili va moddiy yordam berish to‘g‘risidagi 1-bandi bekor qilindi.

Shuningdek, shu buyruqning mehnat ta'tili tugagan kundan boshlab mehnat shartnomasi bekor qilinishiga oid 2-bandi o‘zgartirilib, Yu.Tursunov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 18.10.2021 yildan bekor qilingani belgilab qo‘yildi», deyiladi prokuratura munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Navoiydagi ushbu holatni jamoatchilikka ma'lum qilgan dastlabki maqolaga bildirgan rasmiy munosabatida go‘yoki hammasi risoladagidek ekanini bildirgan, unda tanqid qilingan asosiy jihatlarga e'tibor ham qaratmagan edi.

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid