Belgradda o‘tayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida chorakfinal bahslari yakunlandi. O‘zbekiston boks jamoasining chorakfinalga yetib kelgan 6 nafar vakilidan to‘rt nafari mag‘lubiyatga uchradi va turnirni medalsiz yakunladi. Ikki nafar bokschi kamida bronza medalni kafolatladi.

Dastlab eng yengil vazn toifasi (-48 kg) vakili Nodirjon Mirzahmedov chorakfinalda qozog‘istonlik Temirtas Jussupovga qarshi jang o‘tkazdi va imkoniyatni boy berib qo‘ydi (0:5).

Foto: Aziz To‘xtamurodov / Boks federatsiyasi matbuot xizmati

Nodirjon Mirzahmedov avvalgi bosqichda irlandiyalik Rikki Nesbitt ustidan g‘alaba qozongan edi.

-60 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Abdumalik Halokov rossiyalik Vsevolod Shumkovga qarshi ringga ko‘tarildi. Uchala raundda ham Abdumalik ustunlik qildi va 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, o‘zi uchun medalni naqd qildi (yarimfinalda yutqazgan bokschilar ham avtomatik ravishda bronza medallar bilan taqdirlanadi).

Foto: Aziz To‘xtamurodov / Boks federatsiyasi matbuot xizmati
Foto: Aziz To‘xtamurodov / Boks federatsiyasi matbuot xizmati
Foto: Aziz To‘xtamurodov / Boks federatsiyasi matbuot xizmati

Abdumalik Halokov avvalgi bosqichlarda makedoniyalik Jasin Lyama, sloveniyalik Tadey Chernoga ustidan g‘alaba qozongandi.

Uning yarimfinaldagi raqibi eronlik Daniyal Shohbaxsh bo‘ladi.

Chorakfinalga yetib kelgan o‘zbekistonliklar orasida medal uchun asosiy da'vogarlardan biri sifatida qaralgan Saidjamshid Ja'farov kutilmaganda mag‘lub bo‘ldi. -75 kg vazn toifasi vakili bo‘lgan Ja'farov 1/4 finalda tailandlik Viparon Jongjoxoga qarshi ringga ko‘tarildi. O‘zbekistonlik sportchi jang davomida ustunlik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, hakamlar tailandlik bokschiga 3:2 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi.