Ushbu maqolani yozishimga Stiven Jyerrard Suaresga yozgan xatning sarlavhasi sabab bo‘ldi: «Men birga to‘p tepgan eng zo‘r futbolchiga»

Mersisaydliklar afsonasi Kenni Dalglish ham Luis bilan xayrlashuv maktubida shunday degandi: «Hech qachon o‘zgarma».

Bu maktublar «Liverpul»ning tom ma'nodagi afsonalari tomonidan bitilgan va ularning e'tirofidan shuni anglashimiz mumkinki, Suares ham «Enfild»dagi 3,5 yili orqali ular qatoridan o‘rin ola bilgan.

Sen telbamisan yoki daho, Jyerrard va Dalglish sening muxlislaring qatorini bezab turar ekan, demak faoliyatingda qandaydir buyuk ishlarni amalga oshirgansan.

Suares jonajon shahriga boshqa jamoa libosida qaytmoqda. U 2019 yilda «Barselona» bilan ham «Enfild»ga kelgan va «Liverpul»ning tarixiy g‘alabasini raqib jamoa safida kuzatishga majbur bo‘lgandi. Lekin u ushbu mag‘lubiyatdan u qadar tushkunlikka tushmasligi kerak.

«Liverpul» muxlislari ularni larzaga solgan futbolchini unutishmaydi va tarixda Suareschalik bu muxlislarni xursand qila olgan afsonalar juda kam. Ha, u 2014 yilda Kataloniyaga yo‘l olganida atigi bittagina medal yutishga erishgandi. Undan keyin mersisaydliklar tarkibida harakat qilgan bir qator futbolchilar undan ko‘proq o‘yin o‘tkazishga va balki, ko‘proq gollar urishga muvaffaq bo‘lishdi. U 82ta gol bilan klub to‘purarlari ro‘yxatida 22-o‘rinda turibdi. Lekin Luis liverpulliklar nazdida eng suyukli afsonalar qatorida tilga olinadi.

Foto: GOAL.COM

Jyeymi Karrager: «U klub tarixidagi eng kuchli futbolchilardan biri va so‘zsiz top-5ga kiradi. Luisning gollari va o‘yin uslubi hayratlanarli edi».

Hozir, keyin, doimo — Luis Suares klub tarixidagi eng yaxshi, eng yomon va eng bezori futbolchi. Intervyularidan birida Jo Koul «Liverpul» Suares transferini e'lon qilganida, eng ko‘p qo‘rquvga tushgan men edim, deb aytadi.

«Qizillar» uni «Ayaks»dan xarid qilish uchun 23 mln funt-sterling berishadi. U 4 mavsumda 111ta gol urishga erishgandi. O‘sha paytdagi «Liverpul» direktori Damiyen Komolli klub skauti Stiv Hitchen Suaresning «PSV» futbolchisi Otman Bakkalni o‘yin vaqtida tishlab olganligi tufayli diskvalifikatsiyaga uchraganidan ogohlantirganini eslaydi. O‘sha paytda Komolli Suares yoki «Nyukasl» hujumchisi Endryu Kerroldan birini tanlashi kerak edi. U esa barchani hayratda qoldirib ikkala futbolchini ham xarid qiladi. Chunki, o‘shanda liverpulliklar Fernando Torresni sotib yuborishgandi.