Qayd etilishicha, joriy yilning 4 noyabr kuni soat kechasi taxminan 2:00dan boshlab “Urganch” xalqaro aeroportiga Urganch – Moskva yo‘nalishi bo‘yicha IFly rus aviakompaniyasining parvozini amalga oshirish niyatida bo‘lgan yo‘lovchilar kelishni boshlagan.

“Biroq, bu parvoz jadvalda mavjud bo‘lmagan. Yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, ularning barchasi Avia Market kompaniyasi orqali aviachiptalarini sotib olgan. Jami 290ta chipta charter reysiga sotilgan”, deyiladi ma’lumotda.
Bildirilishicha, “Urganch” aeroporti xodimlari barcha yo‘lovchilarni jo‘nab ketish zaliga joylashtirib, qo‘shimcha stul va skameykalar o‘rnatgan, shuningdek chiptalarni sotgan kompaniya bilan bog‘lanib, yo‘lovchilarga barcha kerakli ma’lumotlarni berishni va kelib chiqqan vaziyatni hal qilishni talab qilgan.
“Ma’lum bo‘lishicha, Avia Market kompaniyasi O‘zbekiston transport vazirligi bilan parvozni kelishmagan va kerakli hujjatlarni tayyorlamagan. Ayni paytda vaziyat tartibga solingan va Moskvadan A-330 samolyoti Urganchga uchib ketgan. Aeroportda ro‘yxatdan o‘tish e’lon qilingan”, deyiladi xabarda.
Eslatilishicha, Uzbekistan Airports AJ faoliyati aviachiptalarni sotish bilan bog‘liq emas.
Avvalroq, Toshkent aeroportida 200dan ortiq yo‘lovchi to‘planib qolgani, ularning reysi jadvalga kiritilmagani xabar berilgandi.










