“Agentligimizda Davlat xizmatlarini raqamlashtirish boshqarmasi bor. Boshqarmadagilar davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan tizimni muntazam monitoring qilib turishadi. Agar qaysidir bazaviy tizim ishlamay qolsa va aholiga xizmat ko‘rsatish imkoni bo‘lmasa, tegishli markazlar bilan bog‘lanishadi.
Bugun soat 15:00 ga yaqin boshqama boshlig‘ining ma'lumotiga asosan fuqarolarimizni ovora qilmaslik va davlat xizmatlari markazlarida uzundan uzoq navbatlar hamda tushunmovchiliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish xizmati vaqtincha to‘xtalgani haqida xabar berdik”, deya DXA matbuot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
DXAning Telegramdagi rasmiy kanalida e'lon qilingan xabarda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi elektron tizimida texnik-profilaktik tadbirlar amalga oshirilishi munosabati bilan eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish xizmati vaqtinchalik ko‘rsatilmayotgani, texnik-profilaktik tadbirlar yakunlangani haqida qo‘shimcha xabar berilishi haqida so‘z boradi.
IIV YHXBB matbuot xizmati rahbari Muzifa Sultonovaning Kun.uz muxbiri bilan suhbat davomida tizim ishlamayotganini rad etdi. U eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirib berish to‘xtatib qo‘yilgani u ishlayotgan idoraga aloqasi yo‘qligini ta'kidlab, yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha izohni Davlat xizmatlari agentligidan so‘rashni tavsiya qilish bilan kifoyalandi.
Soat 17:50 da DXA haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish xizmati tiklanganini e'lon qildi. Rasmiy xabarda haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun fuqarolar Davlat xizmatlari markazlariga shanba va yakshanba hamda bayram kunlaridan tashqari soat 9:00 dan 15:00 gacha ham murojaat qilishlari mumkinligi, shuningdek, IIBB YHXB bo‘limlariga tomonidan ham bunday xizmat ko‘rsatilishi eslatilgan.
“Mutaxassislarimiz tizimni qayta tekshirib ko‘rishganda u ishlab ketgani ma'lum bo‘ldi. Uch soat davomida aholiga xizmat ko‘rsatishning imkoni bo‘lmagani tizimda kuzatilgan texnik muammolar bilan bog‘liq. Ushbu muammolar bartaraf etilgani sababli xizmat tiklangani haqida qayta xabar berdik”, deya vaziyatni izohladi Sevara Zokirova.















