Ko‘pchilik hayoti davomida bir marta bo‘lsa-da ish joyini o‘zgartirish haqida o‘ylagan, biroq hamma ham buni oxiriga yetkaza olmagan. O‘xshamasa-chi, yaxshi ish joyimdan ayrilsam-chi, bundan yaxshiroq ish joyi topolmasam-chi, pulsiz qolsam-chi – shu va boshqa qo‘rquvlar oldinga harakatlanish hamda ko‘proq narsaga erishishda xalaqit qiladi.
Ana shu kabi xavotirlarga qaramay, sevimli bo‘lmagan ishni yangisiga almashtirish kerak. Biroq avvalgi xatolarni takrorlamaslik uchun bir necha omilni yodda tutish lozim.
1. Ish sizga zavq berishi kerak
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ish maqsadga erishish hissini bergandagina biz haqiqatan ham orzu sari harakatlanamiz. Ehtimol, shuning uchun ham ko‘pincha odamlar ish joyida boshqa narsalarga chalg‘iydi, rahbariyat topshirig‘ini istamaygina bajaradi. Ish faoliyatini maosh va lavozimdan kelib chiqib tanlashga odatlanganmiz. Aslida esa bari oddiy – ish cheksiz qiziqish va rag‘bat hissini bera olishi kerak. Ana shunda haqiqiy muvaffaqiyatli kishilarga aylanamiz.
2. Shaxsiy ishni ochish uchun hech qachon kech emas
Amerikalik olimlarning aniqlashicha, o‘z-o‘ziga ishlagan yoki tadbirkor bo‘lgan odamda ishdan qoniqish va muvaffaqiyat hissi yosh ulg‘aygan sari ortib boradi. Keyingi ishingiz qanday bo‘lishini istashingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Shaxsiy ishingizni ochishni istasangiz, ehtimol aynan hozir buni amalga oshirish uchun eng qulay paytdir.
3. Moslashuvchan va qiziquvchanlikni saqlab qolish muhim
Muvaffaqiyat va aql bovar qilmas karera ko‘pincha moslashishga bog‘liq bo‘ladi. Qiziquvchanlikni saqlash, o‘ziga ishonish, tobora yaxshi bo‘lib borish, vaziyatni nazorat qila olish ham muhim jihatlardan. Aytgancha, ko‘pincha aynan shu sifatlarga ega kishilar karerani o‘zgartirish haqida o‘ylashadi. Agar sizga ham shu fikrlar kelayotgan bo‘lsa, ehtimol, siz ham ulardan biridirsiz.
Qiziquvchanlik ayniqsa muhim. Aynan u moslashuvchan bo‘lishda yordam beradi. Shuning uchun o‘zimizdagi mana shu xislatni asrashimiz kerak. U ideal ishni izlab topishda qo‘l keladi. Agar boshqa karera imkoniyatlari siz uchun qiziq bo‘lmasa, barini boricha qoldirgan ma'quldir.
4. Muvaffaqiyat yo‘lida qo‘llab-quvvatlanish muhim
Foydali tanishuvlar foydali ko‘nikmalarga qaraganda ko‘pincha muhimroq. Shuning uchun ustoz topish yordam beradi. Ideal ko‘rinishda u siz uchun qiziq bo‘lgan yangi sohada katta tajribaga ega inson bo‘lishi kerak.















