«Profilaktik hisobdagi shaxslar ichki ishlar idoralari nazoratida turadi. Nazorat deganda qayta jinoyat yoki huquqbuzarlikka qo‘l urishi mumkin bo‘lganlar, ilgari sudlangan shaxslar ustidan o‘rnatiladigan nazoratni tushunish kerak. Ushbu hisobda turuvchilarni ilgarigiday ichki ishlar bo‘limiga chaqirtirib, eshikning tagida soatlab kuttirib qo‘yish, o‘g‘rilik sodir bo‘lsa, faqat shularni chaqirib gumon qilish mexanizmlaridan voz kechganmiz.
Biz shunday nazorat o‘rnatganmizki, muqaddam sudlangan shaxslar oilasini qanday boqyapti, tirikchiligi qanday o‘tyapti, muntazam surishtirib turamiz. Chunki ayni shu narsa ularni qayta jinoyat ko‘chasiga yetaklashi mumkin.

Foto: Kun.uz
Odatda o‘g‘rilik yoki boshqa bir jinoyati, mu'muriy huquqbuzarlik uchun sudlanib chiqqan shaxslarga ko‘p joyda ish berishmaydi. Shu bois sudlanib chiqqandan so‘ng ularning ish topishiga ko‘maklashamiz, ijtimoiy hayotga moslashishiga yordam beramiz. Shu maqsadda ular yashash joyidagi profilaktika inspektorining profilaktika hisobiga olinadi. Buni hech ham «qora ro‘yxat» deb bo‘lmaydi», deydi Baxtiyor Berdialiyev.
Erkaklarga ham himoya orderlari berilishi mumkin
IIV mulozimi taklif etilayotgan o‘zgarishlar kuchga kirsa, profilaktika inspektorlarining profilaktik hisobda turuvchi shaxslar bilan uyiga borib yoki xizmat xonasiga chaqirib suhbat qilib turish amaliyotiga barham berilishini ta'kidladi.
«27ta turdagi ma'muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bo‘yicha profilaktika hisobi yuritiladi. Yangi qonun loyihasida shuni 8taga tushirish ko‘zda tutilgan. «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi vaziriligimiz tomonidan ishlab chiqildi.
Bu o‘zgarishlar bizga nima beradi? Agar qonun loyihasi qabul qilinadigan bo‘lsa, profilaktik hisobga kiritishga asos bo‘luvchi ma'muriy huquqbuzarliklar turi 27tadan 8taga kamaytirilib, ular bilan yakka tartibda, ya'ni sektorlar kesimida «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritish orqali ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Ya'ni profilaktik hisobdan chiqariladigan shaxslarni kambag‘allikdan chiqarish boshqa yo‘nalishlar orqali amalga oshiriladi.









