O‘zbekiston | 11:16 / 22.11.2021
12000
3 daqiqa o‘qiladi

Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi xodimlarining yangi maxsus kiyimi tasdiqlandi

Mudofaa vaziri tomonidan Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi harbiy xizmatchilari uchun yangi namunadagi maxsus kiyim rusumi tasdiqlanib, uni kiyib yurish qoidalari belgilandi.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, ushbu maxsus kiyim rusumi jahon mamlakatlari harbiy politsiya bo‘linmalarida joriy etilgan kiyimlari, ularning xizmat jarayonida shaxsiy tarkibga qulayligi, fasllarga ko‘ra, ya'ni harbiy xizmatchiga yozgi vaqtda salqin, matoning havo o‘tkazuvchanligi, qishki sovuq vaqtda kiyim rusumining issiq tutishi o‘rganib chiqilgan va inobatga olinib, tayyorlangan.

Qayd etilishicha, kiyim rusumiga qo‘shimcha qo‘yilgan rang va nur qaytaruvchi matolar harbiy xizmatchilarning xizmat o‘tash jarayonida shaxsiy xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Hozirda respublikadagi barcha garnizon Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi shaxsiy tarkibi maxsus kiyimlar bilan to‘liq tarzda ta'minlangan va harbiy xizmatchilar o‘z xizmat vazifasini yangi namunadagi kiyim-rusumida o‘tamoqda.

Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi harbiy xizmatchilari maxsus kiyimlarini kundalik xizmat jarayonida, o‘z xizmat vazifasini bajarish vaqtida, shuningdek, shaxsiy tarkibning avtomobillarda harakat xavfsizligini ta'minlash hamda harbiy kolonnalarning kuzatuvini tashkillashtirishda kiyib yuradi.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Ushbu maxsus kiyim rusumini faqat Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasidagi mavjud lavozimida haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar o‘z xizmat vazifalarini bajarish vaqtida kiyib yurishi belgilangan. Maxsus kiyim rusumini o‘z xizmat faoliyati jihatidan Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasiga taalluqli bo‘lmagan harbiy xizmatchilar, shuningdek, fuqarolarning kiyib yurishi taqiqlangan.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasining maxsus kiyim rusumini ruxsatsiz kiyib yurgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Mavzuga oid