«G‘arbda nihoyat keskinlik yuzaga keldi. Bu keskinlik menga qolsa, uzoqroq davom etsin, toki bizning g‘arbiy chegaramizda bizga kerak bo‘lmagan mojarolar boshlash haqida o‘ylab ham ko‘rishmasin», deydi Putin.

Shuningdek, Rossiya yetakchisi mamlakat g‘arbiy chegarasining narigi tomonida o‘ziga nisbatan biror mojaro qilinmaydigan uzoq muddatli kafolatga ega bo‘lishni istaydi. Bu borada Putin mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga topshiriq bergan.

Uning aytishicha, bu G‘arb bosib o‘tmasligi kerak bo‘lgan «qizil chiziq»ning mustahkamlanishi bo‘ladi.

«Hamkorlarimiz ham ajoyib. Ular «qizil chiziq» haqida aytgan gaplarimizga juda yuzaki qarashmoqda», dedi Putin. Uning fikricha, Ukraina chegarada zamonaviy qurollarni joylashtirish va Qora dengizda provokatsion harbiy harakatlarni amalga oshirish orqali «qizil chiziq»ni bosib o‘tgan. «NATO qiruvchi samolyotlari Rossiya chegarasidan 20 km uzoqlikdan uchib o‘tyapti, bu endi chegaradan chiqish», dedi Putin.

Axborot urushi

Oktabr oyi oxirida Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Donbassda ilk marta Turkiyaning uchuvchisiz «Bayraktar» dronlari qo‘llanganini aytgandi. Ma’lumot uchun, Ozarboyjon Qorabog‘ uchun janglarda aynan turklarning shu quroli yordamida g‘alaba qozongandi. Moskva bu harakatni Minsk kelishuviga zid deb atadi. Rossiya TIV buni Kiyevning Donbassni kuch bilan qaytib olishga urinishi deb baholadi.

Ukraina «Bayraktar» haqida gap ochgach, OAVda Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘playotgani haqida xabarlar ko‘paydi. Washington Post Kreml Ukrainaga nisbatan yana agressiv kayfiyatda bo‘la boshlagach, chegarada vaziyat jiddiylashgani haqida yozdi. Maqolada Rossiyaning Ukraina bilan chegarasida sodir bo‘lgani aytilgan videolar ham qo‘yilgan. Bunday videolarda tank, raketa kabi og‘ir texnikalar olib ketilayotganini ko‘rish mumkin.

Bu holatda rasman javob bergan Rossiya mudofaa vazirligi mamlakatning Ukraina bilan chegarasiga qo‘shimcha askar tashlash yoki qo‘shimcha qurol yuborish holatlari kuzatilmaganini bildirdi.

«Bu muhokama qilishga ham arziydigan holat emas. O‘zingiz ko‘rdingiz, videoda Ukraina bilan chegara haqida gapirishgan, lekin kadrda Belarus bilan chegara ko‘ringan», dedi Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova bu videolarni AQSh OAVi tomonidan amalga oshirilgan provokatsiya deb atadi. AQSh shtab qo‘mondonlari kengashi raisi Mark Milli esa Vashington avval ham Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘playotgani haqida ma’lumot olganini aytdi. «Ta’kidlash joiz, bu harakatlarda ochiq agressivlik ko‘rinmadi», degan amerikalik general.