O‘zbekiston | 07:55 / 25.11.2021
9670
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda viloyat hokimi o‘rinbosari raisligidagi tenderda uning ukasi g‘olib bo‘ldi 

Xorazmda ta'sischisi viloyat hokimi o‘rinbosari va tender komissiyasi raisining ukasi bo‘lgan kompaniya 20,4 mlrd so‘mlik tender g‘olibi bo‘lgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan anjumanda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari ma'lum qildi.

Foto: mp.kg

Qayd etilishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yilning 6 oyida 461,3 mlrd so‘mlik qiymatdagi davlat xaridlari yuzasidan 59 ta qurilish obektlarida o‘rganish o‘tkazildi. 

O‘rganishlar mobaynida Jizzax viloyatida 19 ta obektda 6,3 mlrd so‘mlik qurilish ishlari to‘lov hujjatlariga asossiz qo‘shib yozilgani, 941,1 mln so‘mlik ishlar sifatsiz bajarilgani, Andijon viloyatida 4 ta obektda 57,9 mln so‘mlik ishlar sifatsiz bajarilgani, 1,4 mlrd so‘mlik aslida bajarilmagan ishlar hisobot hujjatlariga qo‘shib yozilgani aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. 

Xorazm viloyatida viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK buyurtmachiligidagi qiymati 20,4 mlrd so‘mlik “Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish” obekti o‘rganilganida, tender g‘olibi bo‘lgan tashkilot ta'sischisi Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari va tender komissiyasi raisining yaqin qarindoshi, ya'ni tug‘ishgan ukasi ekani ma'lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, budjet buyurtmachilari tomonidan qurilish bo‘yicha “dxarid.uz” va “tender.mc.uz” portalida joylashtirilgan e'lonlar joylarga chiqqan holda o‘rganilganida, respublikaning 10 ta viloyatida jami qiymati 81,9 mlrd so‘mlik 137 ta qurilish obektlarida tanlov va tenderlar yuzasidan g‘oliblar aniqlanmasdan qurilish va joriy ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgani yoki yakunlangani aniqlanib, mazkur qonunbuzishlar bo‘yicha jami 28 ta materiallar prokuratura organlariga yuborilgan.

Mavzuga oid