O‘zbekiston | 08:21 / 26.11.2021
4667
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 70 yoshli fuqaro qo‘shnisining qotiliga aylandi

Foto: IIB axborot xizmati

24 noyabr kuni G‘ijduvon tumanida mudhish qotillik jinoyati sodir etildi. 70 yoshli fuqaro o‘zaro janjal oqibatida 55 yoshli qo‘shnisini o‘roq bilan urib, o‘ldirib qo‘ygan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, holat G‘ijduvon tumanining Gajdumak mahallasida, 2021 yil 24 noyabr kuni ertalab sodir bo‘lgan. 1951 yilda tug‘ilgan fuqaro A.M. o‘z xonadoni oldidagi daraxtlarni butayotgan vaqtida qo‘shnisi, 1966 yilda tug‘ilgan fuqaro J.M. (ayol) uyidan chiqib kelgan va butalgan daraxtning o‘ziga tegishli ekanini iddao qilgan. Qo‘shnilar o‘rtasida janjal kelib chiqqan. A.M. qo‘lidagi o‘roq bilan J.M.ning chap ko‘krak sohasiga bir marotaba qasddan urib, unga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan sudga oid tibbiy, kriminalistika hamda biologiya ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro A.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

25 noyabr kuni Buxoro viloyati prokurori Mahmud Istamov, IIB boshlig‘i Shuhrat Aliyev hamda tegishli mas'ullar ishtirokida mahallada jinoyat muhokamasi o‘tkazilgan. Muhokamada holatning kelib chiqish sabablari birma-bir tahlil qilinib, kelgusida bu kabi jinoyatlarning oldini olish uchun mas'ullarga aniq ko‘rsatmalar berilgan.

Mavzuga oid