25 noyabr kuni Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi Xorug‘ shahri markazida odamlar to‘planib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining ba'zilari javobgarlikka tortilishini talab qildi. Ularning fikricha, «OMON» vakillari 30 yoshli yigitni otib o‘ldirgan.

O‘sha kuni 1992 yilda tug‘ilgan, xorug‘lik Gulbiddin Ziyobekov halok bo‘lgan. U o‘zini olib ketish uchun kelgan «omonchilar»ga qarshilik qilgan. Orada yuzaga kelgan to‘qnashuvda o‘t ochilgan. Ikki kishi yaralangan, Gulbiddin Ziyobekov halok bo‘lgan. Yigitning yaqinlari Xorug‘ shahri markazida yig‘ilib, uni o‘ldirgan huquqni muhofaza qilish organi xodimlari jazolanishini talab qilgan. Norozilik mitingiga halok bo‘lgan yigitning jasadini ham olib borishgan.

Miting to‘qnashuvga aylanib, odamlar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan janjallashib ketgan. Mamlakat televideniyesida aytilishicha, 5 nafar xodim yaralangan.

«Bir guruh yoshlar Xorug‘ shahridagi Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati hokimiyat binosiga hujum amalga oshirish orqali jamoat tartibini buzgan. Ular huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining qonuniy talablarini bajarmay, o‘tochar qurol, tosh va boshqa jismlar bilan hokimiyat binosiga, uni qo‘riqlayotgan xodimlarga hujum qilgan», deya «Badaxshon» telekanali efirida o‘qib eshittirilgan bayonotni keltirmoqda «Aziya-Plyus» nashri.

«Aziya-Plyus» muxbiri bilan suhbatda roshtqal'aliklar norozilik namoyishida qatnashgan ikki kishi halok bo‘lgani haqida aytishgan. Ularga ko‘ra, yana olti kishi yaralangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Nega Ziyobekovni ushlagani borishgandi?

Guvohlarning «Aziya-Plyus» nashriga aytishicha, 25 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:30da huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari Gulbiddin Ziyobekovni qo‘lga olish uchun borgan. Yigit qarshilik qilgan va xodimlarga musht tushirgan. Voqea joyida bo‘lgan «OMON» xodimlari esa o‘q uzgan. Oqibatda uch kishi yaralangan. Ular orasida Gulbiddin ham bo‘lgan. «Omonchilar» uni ushlab mashinaga solishgan. Keyin esa yigitning o‘lgani xabar qilingan. Guvohning so‘zlariga ko‘ra, yaralangan ikki yigit xodimlarga harakatlari noqonuniy ekanini aytgan.