O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Ashxobod shahrida o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 15-sammiti ishida ishtirok etdi.
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Pokiston prezidenti Orif Alviy, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, shuningdek, Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin va IHT bosh kotibi Husrav Noziriy ham ishtirok etdi.

IHTni jadal rivojlanayotgan tashkilot sifatida mustahkamlashga qaratilgan ko‘p tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish, unga a'zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni savdo, transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlik, sanoat kooperatsiyasi, «yashil» iqtisodiyot va turizm sohalarida rivojlantirish masalalari yig‘ilish kun tartibining asosiy mavzusi bo‘ldi.
O‘zbekiston rahbari sammitdagi nutqida Turkmanistonni tashkilotga samarali raislik qilgani bilan tabrikladi hamda joriy yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan sheriklik to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi qabul qilinganining muhim ahamiyatini qayd etdi.
«Tarixi, dini, urf-odat va an'analari yaqin bo‘lgan birodar xalqlarimiz azaldan savdo-sotiq aloqalari va madaniy rishtalar bilan chambarchas bog‘langan. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti o‘tgan davr mobaynida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega yirik mintaqaviy tuzilmaga aylandi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari tashkilot doirasida keng qamrovli aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini ta'kidladi.
Prezident xalqaro va mintaqaviy vaziyatga, davom etayotgan pandemiya sharoitidagi iqtisodiy qiyinchiliklarga e'tibor qaratib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator aniq takliflarni ilgari surdi.
«500 milliondan ortiq aholi yashaydigan, ulkan bozorga ega bo‘lgan mamlakatlarimizning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarur. Qabul qilingan «IHT istiqbollari – 2025» konseptual dasturi asosida, mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini yanada kengaytirish va eng muhimi, amaliy natijadorlikka erishish maqsadga muvofiqdir», dedi prezident.








