O‘zbekiston | 15:36 / 02.12.2021
12600
3 daqiqa o‘qiladi

IIV hududlarda blok-postlar o‘rnatilayotgani haqidagi xabarlarni rad qildi

Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Jamoat xavfsizligi konsepsiyasiga ko‘ra tumanlar orasida blok-postlar o‘rnatilayotgani to‘g‘risida xabarlarni rad qildi.

Vazirlik matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, «O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 martga qadar tasdiqlangan me’yorlarga asosan mahalliy budjet hisobidan kamida bittadan tumanlararo patrul-post xizmati bo‘linmalari tashkil etilishi belgilangan.

«Bu farmonda blok-post haqida umuman gap-so‘z yo‘q. Bu yerda fuqarolar va jamoatchilikning xavfsizligini ta’minlash uchun Post-patrul xizmati bo‘linmalari tashkil qilinishi aytilgan. Bu bo‘linmalar Milliy gvardiya va ichki ishlar bo‘limlari bilan birgalikda tuziladi. Ular holatga qarab, transportda yurishi, otliq bo‘lishi yoki piyoda xizmat o‘tashlari mumkin. Bitta joyda turadigan turg‘un blok-post bo‘lmaydi.

Ushbu bo‘linmalar faoliyati, hududiga qarab qancha odam bo‘lishi Moliya vazirligi va hududiy kengashlar bilan kelishuv asosida ishlab chiqiladi. Chunki bu bo‘linmalar faoliyati mahalliy budjetda moliyalashtirilishi nazarda tutilgan. Patrul-post xizmati bo‘linmalari ishlovchilar soni o‘sha hududning kriminal «og‘irligidan» kelib chiqadi. Masalan, jinoyatchilik va bezorilik ko‘paygan «qizil» mahallalarga qo‘shimcha kuch tashlanadi. Bu yerda hech qanday blok-post haqida gaplar yo‘q, buni kimdir shov-shuv qilish uchun tushunmasdan yozgan, keyin qolganlar ham olib tarqatib yuborgan», dedi IIV matbuot kotibi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 dekabr kuni Oliy Majlisga taqdim etgan murojaatnomasida viloyatlar o‘rtasidagi postlarning joylashuvi nafaqat aholiga, balki iqtisodiyotga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini tanqid qilgan va buni bartaraf etish choralari ko‘rilishini talab etgandi.

Keyinroq ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zbekiston hududidagi 133 postdan 66tasini tugatish to‘g‘risida xulosalar tayyorlanganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid